105-modda. Erkin ombor bojxona rejimida bojxona to'lovlarining va iqtisodiy siyosat choralarining qo'llanilishi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Erkin ombor bojxona rejimida turgan tovar erkin muomalaga chiqarish (import) yoki eksport bojxona rejimiga joylashtirilayotganda, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, tovarning ishlab chiqarilgan mamlakatiga bog'liq ravishda bojxona to'lovlari va iqtisodiy siyosat choralari qo'llaniladi.
Erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan va bojxona hududiga olib kiriladigan chet el tovariga nisbatan, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo'lsa, ushbu tovar bevosita bojxona hududi tashqarisidan olib kirilganidagi kabi bojxona to'lovlari va iqtisodiy siyosat choralari qo'llaniladi.
O'zbekiston tovari erkin ombordan bojxona hududidan tashqariga olib chiqilayotganda unga nisbatan bojxona hududidan olib chiqishda qo'llanilganidagi kabi bojxona to'lovlari va iqtisodiy siyosat choralari qo'llaniladi.
Erkin ombordan bojxona hududidan tashqariga olib chiqiladigan tovarning kelib chiqishi to'g'risidagi sertifikat bo'lmagan taqdirda bunday tovar unga bojxona to'lovlari va iqtisodiy siyosat choralari qo'llash maqsadida O'zbekiston tovari sifatida, boshqa maqsadlarda esa, chet el tovari sifatida qaraladi.
Agar tovar olib chiqilayotganda bojxona bojlari va soliqlar to'lashdan ozod etilishi yoki to'langan summalar qaytarilishi nazarda tutilgan bo'lsa, erkin ombor bojxona rejimiga joylashtiriladigan va O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga eksport bojxona rejimida olib chiqish mo'ljallangan tovar bojxona bojlari va soliqlar to'lashdan ozod etiladi yoki to'langan summalar qaytariladi. Bunday tovarni olib chiqish bojxona bojlari, soliqlar summalari qaytarilgan yoki ularni to'lashdan ozod qilingan kundan e'tiboran olti oydan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.
Erkin omborlardan O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishi lozim bo'lgan tovar bojxona hududiga qaytarilgan yoki uni olib chiqish belgilangan muddatlar ichida amalga oshirilmagan taqdirda bojxona bojlari va soliqlar to'lanadi.
The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.