13-modda. Tovar va transport vositasi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Bojxona chegarasi orqali olib o'tiladigan har qanday ko'char mol-mulk, shu jumladan O'zbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta boyliklari va boshqa qimmatli qog'ozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk ob'yektlari, transport vositasi tovar hisoblanadi, bundan ushbu moddaning to'rtinchi qismida ko'rsatilgan transport vositasi mustasno.
O'zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovar yoxud bojxona hududida erkin muomalaga chiqarilgan yoki ushbu Kodeksga muvofiq shunday maqomga ega bo'lgan tovar O'zbekiston tovaridir.
Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilmagan tovar, shuningdek ushbu Kodeksga muvofiq chet el tovari maqomini olgan tovar chet el tovaridir.
Tovarlarni va yo'lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan vosita transport vositasidir. Transport vositasi har qanday suv kemasini, havo kemasini, avtotransport vositasini, temir yo'l transport vositasini (temir yo'lning harakatdagi tarkibini, temir yo'l harakatdagi tarkibining bir qismini) yoki konteynerni, shuningdek ularning o'z konstruksiyasiga muvofiq texnik pasportlarida yoki texnik formulyarlarida nazarda tutilgan ehtiyot qismlarni, anjomlarni va uskunalarni, suyuqlik saqlash idishlaridagi yoqilg'i-moylash materiallarini, sovutuvchi va boshqa xil texnik suyuqliklarni, agar ular mazkur transport vositalari bilan birga tashilayotgan bo'lsa, o'z ichiga oladi.
The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.