145-modda. Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona hududiga vaqtincha olib kirish
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Tijorat maqsadlarida foydalaniladigan transport vositasini bojxona to'lovlari to'lashdan shartli ozod etilgan holda bojxona hududiga vaqtincha olib kirishga quyidagi hollarda yo'l qo'yiladi, agar u:
chet davlat hududida ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lsa;
tovarlarni va yo'lovchilarni tijorat maqsadida tashish uchun foydalanilayotgan bo'lsa;
bojxona hududiga chet ellik shaxs yoxud chet ellik shaxs vakolat bergan O'zbekiston Respublikasi yuridik yoki jismoniy shaxsi tomonidan olib kirilayotgan bo'lsa;
ijara shartnomasining predmeti yoki mazkur transport vositasiga bo'lgan huquqni O'zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsiga transport operatsiyasini transport vositasini bojxona hududidan qaytarib olib chiqish yo'li bilan tugallashdan o'zga maqsadda o'tkazishni nazarda tutuvchi boshqa shartnoma predmeti bo'lmasa.
Vaqtincha olib kirilgan transport vositasiga nisbatan mulk huquqi O'zbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsiga o'tgan bo'lsa, tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishi lozim.
Transport vositasi ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan shartlarga muvofiq bo'lmagan hollarda, shuningdek bojxona to'lovlarini to'lashdan shartli ozod etishni qo'llash shartlariga rioya etilmagan taqdirda, transport vositasiga ushbu Kodeksda belgilangan tartibda davriy bojxona to'lovlari qo'llaniladigan vaqtincha olib kiriladigan tovar sifatida qaraladi.
The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.