308-modda. Olib kiriladigan tovarga doir bitim taraflarining o'zaro bog'liqligi belgilari aniqlanishining oqibatlari
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Olib kiriladigan tovarga doir bitim taraflarining o'zaro bog'liqligi belgilari bo'lgan taqdirda bojxona organi bitimning amaldagi holatlarini o'rganib chiqishi kerak.
Agar bojxona organi bitim taraflarining o'zaro bog'liqligi bitim bahosiga ta'sir ko'rsatmagan deb topsa, ushbu bitim bojxona qiymatini aniqlash uchun qabul qilinadi. Aks holda, bojxona organi deklarantga yoki bojxona brokeriga mazkur o'zaro bog'liqlik bitim narxiga ta'sir ko'rsatmaganligini isbotlovchi dalillarni o'ttiz kalendar kundan oshmagan muddatda taqdim etish zarurligi to'g'risida yozma shaklda xabar qiladi.
Deklarant yoki bojxona brokerining arizasiga ko'ra amalga oshirilgan bitimning narxi tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun qabul qilinadi, agar deklarant yoki bojxona brokeri bitimning qiymati baholanayotgan tovar olib kirilishidan oldin yoki olib kirilganidan so'ng o'ttiz kalendar kun ichida tovarning olib kirilayotganda bojxona organi rozi bo'lgan quyidagi qiymatlarning biriga yaqinligini isbotlay olsa:
O'zbekiston Respublikasida o'zaro bog'liq bo'lmagan sotib oluvchilarga aynan bir xil yoki o'xshash tovarlar sotilayotgandagi bitimning qiymatiga;
aynan bir xil yoki o'xshash tovarning qiymatlarini chegirib tashlash usuli bo'yicha aniqlangan bojxona qiymatiga;
aynan bir xil yoki o'xshash tovarning qiymatlarini qo'shish usuli bo'yicha aniqlangan bojxona qiymatiga.
Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqqoslash uchun taqdim etilgan, ushbu moddaning uchinchi qismida ko'rsatilgan bitimning bahosiga va tovarning bojxona qiymatiga quyidagi mezonlar bo'yicha farqlar hisobga olingan holda tuzatishlar kiritiladi:
tijorat shartlari;
miqdori;
ushbu Kodeksning 304-moddasida sanab o'tilgan xarajatlar;
o'zaro bog'liq bo'lmagan shaxslar o'rtasidagi bitimda sotuvchining xarajatlari, agar bunday xarajatlar sotuvchi tomonidan o'zaro bog'liq bo'lgan shaxs bilan tuzilgan bitimda amalga oshirilmasa.
Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan taqqoslashga taqdim etilgan aynan bir xil yoki o'xshash tovarning bitim bahosidan yoki bojxona qiymatidan baholanayotgan tovarning bojxona qiymatini aniqlash uchun bitimning bahosi o'rniga foydalanilishi mumkin emas.
The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.