321-modda. Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tovarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni bo'lmagan taqdirda tovarning shartli chiqarib yuborilishi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Tovarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni bo'lmagan taqdirda uni shartli chiqarib yuborish deklarantning yoki bojxona brokerining arizasiga ko'ra bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda bojxona organi ushbu bobda belgilangan tartibda tovarning shartli bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.
Tovarning bojxona qiymatini aniqlash imkoni bo'lmagan taqdirda uni shartli chiqarib yuborish, agar bojxona organi tomonidan aniqlangan tovarning bojxona qiymatiga muvofiq ravishda hisoblab chiqarilgan bojxona to'lovlari summasi deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan to'lansa yoki to'lanishi ta'minlansa, amalga oshiriladi.
Bojxona organi ariza kelib tushgan kundan keyingi uch ish kuni ichida deklarantga yoki bojxona brokeriga tovarning shartli bojxona qiymatining va talab qilinayotgan bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash miqdorlari to'g'risida yozma yoki elektron shaklda xabar qiladi.
Bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlashning amal qilish muddati tovar chiqarib yuborilgan kundan e'tiboran oltmish kalendar kunni tashkil etadi.
Deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan tovarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganidan keyin bojxona qiymati va tegishli bojxona to'lovlari tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to'lovlariga tuzatishlar kiritish shaklini to'ldirgan holda qaytadan hisob-kitob qilinadi.
Tovarning bojxona qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash summasi ushbu moddaning to'rtinchi qismiga muvofiq belgilangan muddat o'tgach O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga o'tkaziladi. Bunda tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to'lovlariga tuzatishlar kiritish ushbu Kodeksning 266-moddasiga muvofiq amalga oshirilib, u tovarning bojxona qiymatiga nisbatan uzil-kesil qaror hisoblanadi.
The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.