325-modda. Tovarlar bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o'tilganda yoxud belgilangan talab va shartlar boshqacha tarzda buzilganda bojxona to'lovlarini hisoblab chiqarish

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Tovarlar bojxona chegarasi orqali noqonuniy olib o'tilganda yoxud ushbu Kodeksda belgilangan talablar va shartlar boshqacha tarzda buzilganda to'lanishi lozim bo'lgan bojxona to'lovlari:

belgilangan talablar va shartlar buzilgan holda bojxona hududiga olib kirilgan va bojxona to'lovlari to'lanmagan tovarlarga nisbatan — bojxona chegarasini kesib o'tish kuni amalda bo'lgan stavkalar, agar bunday kunni aniqlashning imkoni bo'lmasa — shunday tovarlar aniqlangan kuni amalda bo'lgan stavkalar bo'yicha;

noqonuniy olib chiqilgan tovarlarga nisbatan — bojxona chegarasini kesib o'tish kuni amalda bo'lgan stavkalar, agar bunday kunni aniqlash imkoni bo'lmasa — shunday faktlar aniqlangan kuni amalda bo'lgan stavkalar bo'yicha;

tranzit bojxona rejimida olib o'tilayotgan yoki bojxona nazorati ostida saqlanayotganda yo'qotilgan, yetkazib berilmagan yoki bojxona organi bilan kelishilmagan holda berib yuborilgan tovarlarga nisbatan — tovarlar tegishli bojxona rejimiga joylashtirilgan kuni amalda bo'lgan stavkalar bo'yicha;

shartli chiqarib yuborilgan va bojxona to'lovlarini to'lash bo'yicha imtiyozlar berilgan maqsadlardan boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan tovarlarga nisbatan — bojxona organi tomonidan bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kuni amalda bo'lgan stavkalar bo'yicha hisoblab chiqariladi.

The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.