128-modda. Soliq toʻlovchilarni hisobga qoʻyish

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Yuridik shaxslar oʻzlari joylashgan yerdagi va ularning alohida boʻlinmalari joylashgan yerdagi soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.

Tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan alohida boʻlinmalar kiradigan yuridik shaxslar har bir alohida boʻlinma joylashgan yerdagi soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasida tovar-xomashyo birjalarida, kripto-birjalarda va (yoki) tashkillashtirilgan savdolarda aksiyadorlik jamiyatlarining aksiyalarini sotib oladigan norezident boʻlgan yuridik shaxslar birja savdolari amalga oshiriladigan joydagi soliq organida hisobga qoʻyiladi.

(128-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi OʻRQ-1057-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Moliya vazirligi soliq organlarida yirik soliq toʻlovchilarni hisobga olishning oʻziga xos xususiyatlarini belgilashga haqli.

Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni vakolatxona yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari faoliyatni amalga oshirish joyidagi soliq organlarida hisobga qoʻyilishi lozim.

Jismoniy shaxslar oʻz yashash joyidagi soliq organlarida hisobga qoʻyiladi.

Bundan tashqari, yuridik va jismoniy shaxslar oʻziga tegishli boʻlgan koʻchmas mulk joylashgan yerdagi soliq organlarida, shuningdek ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra hisobga qoʻyilishi lozim.

Ushbu moddada nazarda tutilgan asoslarga koʻra soliq organlarida hisobga qoʻyish tartibi ushbu Kodeksning 129 va 130-moddalarida belgilanadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.