145-modda. Hududni va binolarni koʻzdan kechirish
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Soliq organining soliq tekshiruvini oʻtkazuvchi mansabdor shaxslari tekshiruvning toʻliqligi uchun ahamiyatga ega boʻlgan holatlarni aniqlashtirish maqsadida tekshirilayotgan shaxsning hududlari va binolarini, shuningdek hujjatlar va buyumlarni koʻzdan kechirishni amalga oshirishga haqli.
Agar hujjatlar va buyumlar soliq organining mansabdor shaxsi tomonidan soliq nazoratini amalga oshirish yuzasidan ilgari bajarilgan harakatlar natijasida yoki ushbu buyumlar egasi ularni koʻzdan kechirishni amalga oshirishga rozi boʻlgan taqdirda olingan boʻlsa, ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan hollarda hujjatlar va buyumlarni koʻzdan kechirishga yoʻl qoʻyiladi.
Koʻzdan kechirish videotasvirga olingan holda amalga oshiriladi, bunday imkoniyat mavjud boʻlmaganda esa — xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.
(145-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)
Koʻzdan kechirish oʻtkazilayotganda tekshirilayotgan shaxs yoki uning vakili, shuningdek mutaxassislar ishtirok etishga haqlidir.
Zarur boʻlgan hollarda, koʻzdan kechirish chogʻida fotosuratga olish va videoyozuvga tushirish amalga oshiriladi, hujjatlardan koʻchirma nusxalar olinadi yoki koʻzdan kechirish bilan bogʻliq boshqa harakatlar bajariladi.
Koʻzdan kechirish oʻtkazilganligi toʻgʻrisida bayonnoma tuziladi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.