178-modda. Bozor narxlari toʻgʻrisidagi umumiy qoidalar
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Ushbu Kodeks maqsadida, agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, bitimlarning narxlari, ushbu bitimlar taraflarining daromadlari va xarajatlari quyidagi hollarda bozor narxlari deb eʼtirof etiladi:
1) mustaqil shaxslar oʻrtasidagi bitimlar;
2) Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga yoki chet davlatning qonunchiligiga muvofiq oʻtkazilgan birja savdolarining natijalariga koʻra tuzilgan bitimlar;
(178-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3) monopoliyaga qarshi organning koʻrsatmalariga muvofiq (tartibga solinadigan narxlar qoʻllaniladigan bitimlar uchun ushbu Kodeksning 179-moddasida nazarda tutilgan oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda) narxlari belgilangan bitimlar;
4) narxlari ushbu Kodeksning 25-bobida nazarda tutilgan narxni belgilash toʻgʻrisidagi kelishuviga muvofiq belgilangan bitimlar.
Nazorat qilinadigan bitimlarda bitimning narxi, agar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan buning aksi isbotlanmagan boʻlsa yoki soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 177-moddasiga muvofiq soliq (zarar) summalariga mustaqil tuzatish kiritishni amalga oshirmagan boʻlsa, bozor narxi deb topiladi.
Agar ushbu Kodeksning Maxsus qismida soliq solish maqsadida ayrim soliqlarni hisoblab chiqarish va toʻlash masalalari boʻyicha tovarning (xizmatning) narxini yoki bitim taraflarining daromadlarini (xarajatlarini) aniqlashning boshqacha qoidalari belgilangan boʻlsa, ushbu Kodeksning Maxsus qismi qoidalari qoʻllaniladi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.