205-modda. Aktiv chet el kompaniyalari va aktiv chet el xolding kompaniyalari
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Oʻzining moliyaviy hisoboti maʼlumotlariga koʻra moliya yilida passiv faoliyatdan olingan daromadlarining ulushi koʻrsatilgan davr uchun daromadlarining umumiy summasida 20 foizdan koʻp boʻlmagan miqdorni tashkil etgan chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeksning maqsadida aktiv chet el kompaniyasi deb eʼtirof etiladi.
Ustav fondida (ustav kapitalida) Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi boʻlgan nazorat qiluvchi shaxsning bevosita ishtirok etish ulushi ketma-ket keladigan kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun ichida kamida 75 foizni tashkil etgan chet el yuridik shaxsi ushbu Kodeksning maqsadida chet el xolding kompaniyasi deb eʼtirof etiladi.
Agar chet el xolding kompaniyasiga nisbatan quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya qilinsa, ushbu chet el xolding kompaniyasi ushbu Kodeksning maqsadida aktiv chet el xolding kompaniyasi deb eʼtirof etiladi:
1) uning passiv faoliyatdan olingan daromadlarining (bundan aktiv chet el kompaniyasidan olingan dividendlar mustasno) ulushi moliya yilida moliyaviy hisobot maʼlumotlariga koʻra oʻz daromadlari umumiy summasining 5 foizidan oshmasa;
2) ushbu qismning 1-bandida koʻrsatilgan ulushni hisob-kitob qilishda dividendlari passiv faoliyatdan olingan daromadlar tarkibidan chiqariladigan har bir aktiv chet el kompaniyasining ustav fondida (ustav kapitalida) uning bevosita ishtirok etish ulushi ketma-ket keladigan kamida uch yuz oltmish besh kalendar kun ichida kamida 50 foizni tashkil etsa.
Ushbu moddaning maqsadida moliya yili deganda, chet el yuridik shaxsi tashkil etilgan davlatning qonunchiligiga muvofiq moliyaviy hisobot tuziladigan vaqt davri moliyaviy yil, uning moliyaviy hisoboti deganda esa ushbu yuridik shaxsning konsolidatsiya qilinmagan moliyaviy hisoboti tushuniladi.
(205-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qaysi faoliyat turini amalga oshirishdan olingan daromad soliq solish maqsadida passiv faoliyatdan olingan daromad deb qaralishi ushbu Kodeksning 206-moddasiga muvofiq aniqlanadi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.