217-modda. Javobgarlikka tortish muddatining oʻtishi

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Agar soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran yoki mazkur huquqbuzarlik sodir etilgan soliq davri tugaganidan keyingi kundan eʼtiboran va javobgarlikka tortish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan paytga qadar uch yil (oʻtish muddati) oʻtgan boʻlsa, shaxs soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etganlik uchun javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

(217-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Soliqqa oid huquqbuzarlik sodir etilgan kundan eʼtiboran muddatning oʻtishini hisoblab chiqarish barcha soliqqa oid huquqbuzarliklarga nisbatan qoʻllaniladi, ushbu Kodeksning 223 va 224-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bundan mustasno.

Muddatning oʻtishini tegishli soliq davri tugaganidan keyingi kundan eʼtiboran hisoblab chiqarish ushbu Kodeksning 223 va 224-moddalarida nazarda tutilgan soliqqa oid huquqbuzarliklarga nisbatan qoʻllaniladi.

Agar soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortilayotgan shaxs soliq tekshiruvini oʻtkazishga faol qarshilik koʻrsatgan boʻlsa va ushbu soliq tekshiruvini oʻtkazish hamda budjet tizimiga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summalarini soliq organlari tomonidan aniqlash uchun bartaraf etib boʻlmaydigan toʻsiqqa aylangan boʻlsa, javobgarlikka tortish muddatining oʻtishi toʻxtatiladi.

Javobgarlikka tortish muddatining oʻtishi ushbu Kodeks 144-moddasining uchinchi qismida nazarda tutilgan dalolatnoma tuzilgan kundan eʼtiboran toʻxtatilgan deb hisoblanadi. Mazkur holatda javobgarlikka tortish muddatining oʻtishi sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazishga toʻsqinlik qiluvchi holatlarning amal qilishi tugagan va muddat oʻtishini tiklash toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran qayta tiklanadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.