237-modda. Soliq toʻlovchilar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi va (yoki) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi quyidagilar qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi):

1) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari;

2) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida bir milliard soʻmdan oshgan yoxud ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;

3) Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari, shuningdek chet davlatning qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, agar bunday tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi deb Oʻzbekiston Respublikasi eʼtirof etilsa;

(237-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

4) faoliyatni Oʻzbekiston Respublikasida doimiy muassasalar orqali amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari;

5) oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat boʻyicha — oddiy shirkatning ishlarini yuritish vazifasi zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs – oddiy shirkatning ishtirokchisi;

6) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtuvchi shaxslar. Mazkur shaxslar bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.

(237-modda birinchi qismining 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha soliq majburiyatlari ushbu boʻlimda belgilangan hollarda va tartibda soliq agentlari tomonidan bajariladi.

Quyidagilar soliq toʻlovchilar deb hisoblanmaydi, bundan ushbu moddaning birinchi qismi 6-bandida nazarda tutilgan hollar mustasno:

1) davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari — oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida. Bunda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar deb eʼtirof etilishi mumkin;

(237-modda uchinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

2) aylanmadan olinadigan soliqni toʻlovchi shaxslar.

Soliq toʻlovchilar soliq organlarida qoʻshilgan qiymat soligʻini (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) toʻlovchi sifatida maxsus roʻyxatdan oʻtkazish hisobida turadi.

(237-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan quyidagilarning tartibi belgilanadi:

soliq organlarida soliq toʻlovchi sifatida maxsus roʻyxatga olish hisobiga qoʻyilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomani (bundan buyon ushbu boʻlimda guvohnoma deb yuritiladi) berish;

guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish yoki uni bekor qilish;

guvohnoma oʻz vaqtida berilmaganligi yoki uni berish rad etilganligi yoxud guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi, tugatilganligi yoki uning bekor qilinganligi, shuningdek oʻz vaqtida qayta tiklanmaganligi munosabati bilan soliq organining qarori ustidan shikoyat qilish;

soliq toʻlovchi sifatida maxsus roʻyxatga olish hisobidan chiqarish.

(237-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuniga asosan beshinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.