269-modda. Hisobga olish uchun qabul qilingan soliq summalariga tuzatish kiritish
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Ilgari tovarlarni (xizmatlarni) olish chogʻida hisobga olish uchun qabul qilingan, olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha soliq summasiga quyidagi hollarda tuzatish kiritilishi lozim:
1) tovarlardan (xizmatlardan) kelgusida soliq solishdan ozod etilgan aylanma uchun foydalanilganda;
2) ular buzilganda yoxud qonunchilikka muvofiq vakolatli organ tomonidan, ular yoʻqligida esa soliq toʻlovchi tomonidan belgilangan tabiiy kamayish normalaridan ortiqcha yoʻqotilgan taqdirda. Ushbu bandning qoidasi favqulodda holatlar (tabiiy ofat, yongʻin, avariya, yoʻl-transport hodisasi va boshqa shu kabi holatlar) munosabati bilan tovarlarning buzilishiga yoxud yoʻqotilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi;
(269-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3) yetkazib beruvchi tomonidan taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar qonunchilikda belgilangan tartibda haqiqiy emas deb eʼtirof etilganda;
(269-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4) soliq toʻlovchi maqomini yoʻqotganda (yoki soliq toʻlashdan ozod qilinganda);
5) ushbu tovarlar soliq organlarida hisobga qoʻyilmagan shartnomalar asosida ijaraga olingan yoki bepul foydalanilayotgan koʻchmas mulk obyektlarida saqlanganda.
(269-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 5-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Sotib olingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha ushbu Kodeks 267-moddasi birinchi qismining 1 — 4-bandlariga muvofiq ilgari hisobga olish uchun qabul qilinmagan soliq summasi kelgusida ulardan soliq solinadigan aylanma uchun foydalanilgan hollarda tuzatiladi (hisobga olinadi).
(269-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
Tuzatish kiritilishi lozim boʻlgan soliq summasi bunday tuzatishlarni amalga oshirishdan oldingi oxirgi oʻn ikki oy ichida olingan tovarlarning (xizmatlarning) soliq summasi qayta tiklanishi lozim boʻlgan tovar-moddiy zaxiralar qoldiqlariga toʻgʻri keladigan qiymati asosida aniqlanadi.
Asosiy vositalarning obyektlari, koʻchmas mulk obyektlari va nomoddiy aktivlar boʻyicha tuzatish kiritilishi lozim boʻlgan soliq summasi ushbu Kodeksning 270-moddasida nazarda tutilgan tartibda qayta baholash hisobga olinmagan, ushbu obyektlarning balans qiymatiga toʻgʻri keladigan, ilgari bu obyektlar boʻyicha hisobga olingan (yoki ularning qiymatiga kiritilgan) soliq summasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Ilgari bunday tovarlar (xizmatlar) boʻyicha hisobga olish uchun qabul qilingan miqdordagi, asosiy vositalarga, koʻchmas mulk obyektlariga va nomoddiy aktivlarga nisbatan esa ularning qayta baholash hisobga olinmagan holdagi qoldiq (balans) qiymatiga mutanosib miqdordagi soliq summalari tiklanishi lozim.
Tovarlarni (xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan ushbu Kodeksning 257-moddasiga muvofiq soliq bazasiga tuzatishlar kiritish amalga oshirilganda, xaridor yetkazib beruvchi tomonidan rasmiylashtirilgan qoʻshimcha (yoki tuzatilgan) hisobvaraq-faktura asosida u tomonidan ilgari hisobga qabul qilingan soliq summasiga tegishli tartibda tuzatish kiritishi kerak.
Soliqqa tuzatish kiritish summasi koʻrsatilgan obyektlarning balans qiymatini oshirishga (yoki kamaytirishga) taalluqli boʻladi yoxud foyda soligʻini hisoblab chiqarishda hisobga olinadigan xarajatlar (yoki daromadlar) tarkibiga kiritiladi.
Tovar reeksport bojxona tartib-taomiliga joylashtirilganda va ushbu tovarning importi chogʻida soliq toʻlovchi tomonidan toʻlangan soliq summasi unga bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda qaytarilganda, soliq toʻlovchi hisobga oʻtkaziladigan soliq summasiga oʻziga qaytarilgan soliq summasi boʻyicha tuzatish kiritadi (uni kamaytiradi).
(269-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Hisobga olingan soliq summasiga tuzatishlar kiritish ushbu moddada koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelgan soliq davrida amalga oshiriladi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.