294-modda. Soliq toʻlovchilar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Quyidagilar foyda soligʻining soliq toʻlovchilari (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) deb eʼtirof etiladi:

1) Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar (bundan buyon ushbu boʻlimda yuridik shaxslar deb yuritiladi);

2) Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshiradigan, yuridik shaxs tashkil etmagan holdagi chet el tuzilmalari (bundan buyon ushbu boʻlimda faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiruvchi norezidentlar deb yuritiladi);

3) Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan daromadlar oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar (bundan buyon ushbu boʻlimda norezidentlar deb yuritiladi);

4) soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchilari boʻlgan yuridik shaxslar;

5) soliq davrida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan daromadlari bir milliard soʻmdan ortiq boʻlgan yoki oʻz ixtiyori bilan foyda soligʻini toʻlashga oʻtgan yakka tartibdagi tadbirkorlar;

6) oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) doirasida amalga oshiriladigan faoliyat boʻyicha oddiy shirkatning ishonchli shaxsi.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari (bundan buyon ushbu boʻlimda konsolidatsiyalashgan guruh ishtirokchilari deb yuritiladi) soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻining mazkur guruh masʼul ishtirokchisi tomonidan hisoblab chiqarish uchun zarur boʻlgan qismi boʻyicha soliq toʻlovchilarning majburiyatlarini bajaradi.

Ushbu Kodeksning 36-moddasi toʻqqizinchi qismiga muvofiq agent vazifalarini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs, ushbu modda birinchi qismining 2-bandiga muvofiq soliq toʻlovchi deb eʼtirof etiladi.

Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, aylanmadan soliq toʻlovchi shaxslar soliq toʻlovchilar hisoblanmaydi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.