304-modda. Soliq solishda hisobga olinmaydigan daromadlar
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Quyidagilar daromad sifatida hisobga olinmaydi:
1) ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilgan hissa tarzida olingan mablagʻlar;
2) aksiyalarni (ulushlarni) joylashtirish narxining ularning nominal qiymatidan (dastlabki miqdoridan) ortiqcha summasi;
3) ishtirokchilar tarkibidan chiqish (chiqib ketish) chogʻida ustav fondiga (ustav kapitaliga) qoʻshilgan hissa doirasida olingan yoki ishtirokchining ulushi miqdorini kamaytirish, shuningdek tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulkini ishtirokchilar oʻrtasida taqsimlash chogʻida olingan mablagʻlar;
4) oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha birgalikdagi faoliyatni amalga oshirish uchun birlashtiriladigan mablagʻlar;
5) oddiy shirkat shartnomasi boʻyicha sherikning (ishtirokchining) shartnoma sheriklari (ishtirokchilari) umumiy mulkidagi ulushi qaytarilgan yoki bunday mol-mulk boʻlingan taqdirda, ushbu sherik (ishtirokchi tomonidan) qoʻshilgan hissa miqdorida olingan mablagʻlar;
6) realizatsiya qilinadigan tovarlar (xizmatlar) uchun oldindan toʻlov (boʻnak) tarzida boshqa shaxslardan olingan mablagʻlar;
61) boshqaruvchi tashkilotlar yoki koʻp kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat koʻrsatish va uni taʼmirlash, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish boʻyicha koʻrsatilgan xizmatlardan hamda bajarilgan ishlardan olingan mablagʻlar;
(304-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 31-maydagi OʻRQ-773-sonli Qonuniga asosan 61-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 03/22/773/0461-son)
62) “Mahalla servis” kompaniyalari tomonidan mahallalarni obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarishdan hamda mahallalar aholisiga qonunchilik hujjatlarida belgilangan ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlar koʻrsatishdan olingan mablagʻlar;
(304-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi OʻRQ-1071-sonli Qonuniga asosan 62-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2025-y., 03/25/1071/0545-son)
7) qonunchilikka muvofiq ushbu majburiyatlarning taʼminoti sifatida garov yoki zakalat tarzida olingan mablagʻlar, ularga boʻlgan mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan paytga qadar;
(304-modda birinchi qismining 7-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
8) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq tekinga olingan mol-mulk va xizmatlar;
9) ushbu Kodeksning 48-moddasida nazarda tutilgan talablar bajarilishi sharti bilan olingan grantlar, insonparvarlik yordami va maqsadli tushumlar;
10) sugʻurta shartnomalari boʻyicha sugʻurta tovoni (sugʻurta summasi) tarzida olingan mablagʻlar;
11) vositachiga yoki boshqa ishonchli vakilga vositachilik, topshiriq shartnomasi yoki vositachilik xizmatlari koʻrsatishga doir boshqa shartnoma boʻyicha majburiyatlarni bajarishi munosabati bilan, shuningdek vositachi yoki boshqa ishonchli vakil tomonidan komitent yoxud boshqa ishonch bildiruvchi uchun amalga oshirilgan xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan kelib tushgan mol-mulk (pul mukofoti bundan mustasno). Bunday xarajatlar, agar tuzilgan shartnomalar shartlarida bu xarajatlarning oʻrnini qoplash nazarda tutilgan boʻlsa, vositachidan yoki ishonchli vakildan chegirib tashlanmaydi;
12) moliyaviy ijara (lizing) obyektining qiymati oʻrnini ijaraga beruvchi (lizing beruvchi) tomonidan olingan ijara (lizing) toʻlovining qismi tarzida qoplash;
13) mol-mulk ijarasiga doir shartnoma boʻyicha olingan mol-mulk, bundan moliyaviy ijara (lizing) mustasno;
14) telekommunikatsiya tarmoqlaridagi tezkor-qidiruv tadbirlari tizimining tekin olingan texnik vositalari, shuningdek ulardan foydalanish va ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha xizmatlar;
15) investor va davlat mulkini boshqarish boʻyicha vakolatli davlat organi oʻrtasida tuzilgan shartnomaga binoan investitsiya majburiyatlari sifatida kiritiladigan mol-mulk;
16) kredit yoki qarz shartnomalari boʻyicha mablagʻlar yoki boshqa mol-mulk (mablagʻ jalb qilishni rasmiylashtirish usulidan qatʼi nazar, boshqa shunday mablagʻlar yoki boshqa mol-mulk, shu jumladan qarz qimmatli qogʻozlar), shuningdek bunday jalb qilingan mablagʻlarni toʻlash hisobidan mablagʻlar yoki boshqa mol-mulk;
17) konsessiya bitimi boʻyicha qonunchilikka muvofiq olingan mol-mulk;
(304-modda birinchi qismining 17-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18) davlat muassasalari tomonidan barcha darajalardagi ijro etuvchi hokimiyat organlarining qaroriga koʻra olingan mol-mulk;
19) Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va davlatning boshqa qimmatli qogʻozlari boʻyicha olingan daromadlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan va Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar boʻyicha daromadlar;
20) soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq hisobdan chiqarilgan penyalarning va jarimalarning summasi;
(304-modda birinchi qismining 20-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21) qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya obyektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlari;
(304-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 7-fevraldagi OʻRQ-906-sonli Qonuniga asosan 21-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.02.2024-y., 03/24/906/0108-son)
22) bankrot deb topilgan qarzdor yuridik va jismoniy shaxslarning yoki yakka tartibdagi tadbirkorning mol-mulkini sotishdan tushgan mablagʻlarining qarzni toʻlashga yoʻnaltirilgan qismi;
(304-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-fevraldagi OʻRQ-911-sonli Qonuniga asosan 22-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2024-y., 03/24/911/0142-son)
23) REPO operatsiyalari boʻyicha daromad;
(304-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi OʻRQ-1057-sonli Qonuniga asosan 23-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.