308-modda. Investitsiyaviy chegirma

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 306-moddasiga muvofiq aniqlanadigan aktivning boshlangʻich qiymatidan kelib chiqqan holda amortizatsiya qilinishi lozim boʻlgan amortizatsiya qilinadigan aktivlar boʻyicha investitsiyaviy chegirmalarni ushbu moddada belgilangan tartibda va shartlarda qoʻllashga haqli.

(308-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

Investitsiyaviy chegirma amortizatsiya xarajati deb eʼtirof etiladi.

Investitsiyaviy chegirma quyidagi miqdorda qoʻllaniladi:

1) yangi texnologik uskunalar qiymatining, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash xarajatlarining va (yoki) axborot tizimlarini yaratishga doir investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy taʼminotini sotib olishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summalarining 20 foizi miqdorida;

(308-modda uchinchi qismining 1-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

2) ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasining 10 foizi miqdorida.

(308-modda uchinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

Ushbu Kodeks 317-moddasining 17-bandiga muvofiq chegirib tashlanmaydigan xarajatlar boʻyicha investitsiyaviy chegirma berilmaydi.

Investitsiyaviy chegirma yangi texnologik uskunani ishga tushirish amalga oshirilgan yoxud oʻz ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, texnik va (yoki) texnologik jihatdan qayta jihozlash amalga oshirilgan, ishlab chiqarish yangi qurilish shaklida kengaytirilgan, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilish amalga oshirilgan, laboratoriya testlarini va sinovlarini oʻtkazish uchun komplekslar, axborot tizimlarini yaratish boʻyicha investitsiya loyihalari doirasida mahalliy ishlab chiqarishning dasturiy taʼminoti sotib olingan hisobot (soliq) davrida qoʻllaniladi.

Ushbu modda maqsadlarida tovarlarni (xizmatlarni) ishlab chiqarish jarayonida soliq toʻlovchi tomonidan foydalaniladigan, chiqarilgan kunidan eʼtiboran koʻpi bilan uch yil oʻtgan mashinalar va uskunalar (shu jumladan transport uskunalari) yangi texnologik uskunalar deb eʼtirof etiladi.

(308-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

Amortizatsiya qilinadigan aktiv u boʻyicha investitsiyaviy chegirma qoʻllanilgan sanadan eʼtiboran uch yil ichida realizatsiya qilingan, bepul berilgan va boshqacha tarzda chiqib ketgan taqdirda, investitsiyaviy chegirmaning amal qilishi bunday aktivning chiqib ketishi roʻy bergan hisobot (soliq) davrida jamgʻarilgan amortizatsiya summasidan uni chegirib tashlash orqali bekor qilinadi.

Ushbu modda yettinchi qismining qoidalari amortizatsiya qilinadigan aktivning favqulodda vaziyatlar (tabiiy ofat, yongʻin, avariya va shunga oʻxshash boshqa holatlar) tufayli chiqib ketishi hollariga nisbatan, shuningdek amortizatsiya qilinadigan aktivning boshlangʻich qiymati uning chiqib ketish sanasiga qadar ushbu Kodeksning 306-moddasida belgilangan normalar boʻyicha toʻliq amortizatsiya qilinishi mumkin boʻlgan hollarda tatbiq etilmaydi.

(308-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan yettinchi va sakkizinchi qismlar bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.