366-modda. Soliq bazasi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Soliq bazasi quyidagilar hisoblanadi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu boʻlimda nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini hisobga olgan holdagi jami daromadlari;
2) Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslar uchun — ushbu boʻlimda nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qoʻllanmagan holdagi jami daromadlari.
Soliq bazasini aniqlashda soliq toʻlovchining ham pul shaklida, ham natura shaklida olgan daromadlari yoki daromadlarni tasarruf etish uchun yuzaga kelgan huquqlari, shuningdek moddiy naf tarzidagi daromadlari hisobga olinadi. Bunda soliq toʻlovchining alohida turdagi daromadlari ushbu boʻlimda belgilangan shartlarda va tartibda jami daromad tarkibida hisobga olinishi yoki hisobga olinmasligi mumkin.
Soliq toʻlovchining chet el valyutasida ifodalangan daromadlari, haqiqatda daromadlar olingan sanadagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha milliy valyutaga qayta hisob-kitob qilinadi.
Turli soliq stavkalari boʻyicha solinadigan soliq bazasi alohida aniqlanadi.
Soliq bazasi, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, soliq davri boshidan eʼtiboran oʻsib boruvchi yakun bilan aniqlanadi.
Soliq bazasi nazorat qilinadigan chet el kompaniyalarining ushbu Kodeksning VII boʻlimiga va 208-moddasiga muvofiq aniqlanadigan yigʻma foydasini ham oʻz ichiga oladi.
Soliq bazasiga ushbu boʻlimda belgilangan hollarda va tartibda tuzatish kiritiladi.
Ushbu Kodeksning VI boʻlimida nazarda tutilgan hollarda soliq toʻlovchining daromadlariga ushbu Kodeksning 20-bobida nazarda tutilgan tartibda tuzatish kiritiladi.
Agar soliq toʻlovchining daromadidan uning oʻz farmoyishiga, sudning yoki boshqa organlar va tashkilotlarning qaroriga koʻra ushlab qolishlar amalga oshirilsa, bunday ushlab qolishlar soliq bazasini kamaytirmaydi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.