393-modda. Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlarga Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan jismoniy shaxslarning quyidagi daromadlari kiradi:

mulkiy daromadlar, agar ushbu boʻlimga muvofiq bu daromadlarga soliq agentida soliq solinmasa;

ilm-fan, adabiyot va sanʼat asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;

moddiy naf tarzidagi daromadlar, agar bu daromadlarga soliq agentida soliq solinmagan boʻlsa;

Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar;

soliq agentlari boʻlmagan manbalardan olingan daromadlar;

ushbu Kodeks 385-moddasining uchinchi qismida koʻrsatilgan jismoniy shaxslar tomonidan olingan daromadlar, ular tomonidan jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya asosida soliq toʻlash tartibi tanlanganda;

soliq agenti tomonidan soliq ushlab qolinmagan soliq solinadigan boshqa daromadlar.

Jami yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiya, agar soliq toʻlovchining asosiy boʻlmagan ish joyidan olingan daromadlaridan soliq uning arizasi boʻyicha ushlab qolingan boʻlsa taqdim qilinmaydi, bundan ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida koʻrsatilgan daromadlar mustasno.

Oʻzbekiston Respublikasining rezidenti boʻlgan yoki joriy yilning 1-apreligacha rezidentga aylangan chet el jismoniy shaxsi, ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining qoidalaridan qatʼi nazar, ushbu Kodeksning 397-moddasida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda jami yillik daromadi toʻgʻrisida deklaratsiya taqdim etadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.