403-modda. Soliq solish obyekti
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Ish beruvchining xodimlar mehnatiga haq toʻlashga doir xarajatlari ijtimoiy soliqning (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir.
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlash uchun chet ellik xodimlar bilan taʼminlash yuzasidan xizmatlar koʻrsatishga doir shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan yuridik shaxsga toʻlanadigan chet ellik xodimlarning daromadlari ham soliq solish obyektidir.
Jismoniy shaxslarning ayrim toifalari uchun ular tomonidan tadbirkorlik faoliyatini va (yoki) yakka tartibdagi mehnat faoliyatini amalga oshirish soliq solish obyektidir.
Quyidagilar soliq solish obyekti hisoblanmaydi:
ish beruvchining xodimga mehnatda mayib boʻlganligi yoki sogʻligiga boshqacha shikast yetganligi bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash tarzidagi, ushbu Kodeks 369-moddasi ikkinchi qismining 10-bandida koʻrsatilgan miqdorlardan ortiqcha xarajatlari;
(403-modda toʻrtinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)
paxta yigʻim-terimi boʻyicha mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilingan jismoniy shaxslarning bu ishlarni bajarganligi uchun mehnat haqi toʻlashga doir xarajatlar;
“Mahalla servis” kompaniyalarining mahallalarni obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarayotgan hamda mahallalar aholisiga qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlar koʻrsatayotgan xodimlariga mehnat haqi toʻlashga doir xarajatlari.
(403-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi OʻRQ-1071-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2025-y., 03/25/1071/0545-son)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.