41-modda. Dividendlar va foizlar
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Quyidagilar dividendlar deb eʼtirof etiladi:
1) yuridik shaxsning foydasini (shu jumladan imtiyozli aksiyalar boʻyicha foizlar tarzidagi foydasini) ushbu yuridik shaxsning aksiyadoriga (ishtirokchisiga) tegishli aksiyalar (ulushlar) boʻyicha taqsimlash chogʻida aksiyador (ishtirokchi) tomonidan olingan har qanday daromad;
2) tugatish chogʻida yuridik shaxsning aksiyadoriga (ishtirokchisiga) ushbu aksiyadorning (ishtirokchining) shu yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoridan koʻp boʻlgan qismi boʻyicha pul yoki natura shaklidagi toʻlovlar;
3) jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchiga ulushi qismining chiqarilish yoki chiqib ketish sanasidan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari boʻyicha aniqlanadigan haqiqiy qiymatini ushbu aksiyadorning (ishtirokchining) shu yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoridan koʻp boʻlmagan qismi boʻyicha toʻlash;
4) ushbu yuridik shaxsning oʻz kapitali (mol-mulki) hisobiga ustav fondi (ustav kapitali) oshgan taqdirda yuridik shaxs aksiyadorining (ishtirokchisining) qoʻshimcha aksiyalar qiymati (ulush nominal qiymatining oshishi) tarzida olingan daromadlari.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar, basharti ular aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) bunday daromadni toʻlovchi yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda toʻlansa, dividendlar deb eʼtirof etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olinadigan, chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq dividendlar jumlasiga kiritiladigan har qanday daromadlar ham dividendlar deb eʼtirof etiladi.
(41-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun xususiy korxona mulkdoriga, oilaviy korxona ishtirokchisiga yoki fermer xoʻjaligi boshligʻiga, shuningdek bank va mikromoliya tashkilotlaridagi islomiy qimmatli qogʻozlarga (sertifikatlarga) ega boʻlgan shaxslarga bunday yuridik shaxslar tasarrufida qolgan foyda summasidan toʻlanadigan daromadlar dividendlarga tenglashtiriladi.
(41-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
Ilgari bildirilgan (belgilangan) har qanday daromad, shu jumladan har qanday turdagi qarz majburiyatlari boʻyicha diskont tarzida olingan daromad (uni rasmiylashtirish usulidan qatʼi nazar), islomiy moliya faoliyatidan olingan daromad, shu jumladan pul omonatlari boʻyicha olingan daromad foizlar deb eʼtirof etiladi.
(41-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.