417-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va soliqni toʻlash tartibi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Soliq toʻlovchilar soliqni ushbu Kodeksning 412-moddasiga muvofiq aniqlangan soliq bazasidan va tegishli soliq stavkasidan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda hisoblab chiqaradi.
Soliq hisoboti soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi soliq organiga yilda bir marta, soliq hisoboti davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay taqdim etiladi.
(417-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Agar koʻchmas mulk, ushbu Kodeks 411-moddasining ikkinchi qismi 3-bandida koʻrsatilgan obyektlardan tashqari, soliq toʻlovchining soliq boʻyicha hisobga olish joyida joylashmagan boʻlsa, soliq hisoboti koʻchmas mulk joylashgan yerdagi soliq organlariga taqdim etiladi.
Soliq davri mobaynida soliq toʻlovchilar (bundan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshirmaydigan Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar mustasno) soliq boʻyicha boʻnak toʻlovlarni toʻlaydi.
Boʻnak toʻlovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq toʻlovchilar joriy soliq davrining 20-yanvaridan kechiktirmay, yangi tashkil qilinganlari esa, davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay soliq organlariga moʻljallanayotgan soliq bazasidan (tegishli yil uchun mol-mulkning oʻrtacha yillik qoldiq qiymatidan (oʻrtacha yillik qiymatidan) va tegishli soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan joriy soliq davri uchun soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadi. Soliq boʻyicha majburiyatlari soliq davri mobaynida yuzaga kelgan soliq toʻlovchilar soliq summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kundan kechiktirmay taqdim etadi.
(417-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan boʻnak toʻlovlar quyidagicha toʻlanadi:
aylanmadan soliq toʻlovchilar tomonidan — yillik soliq summasining toʻrtdan bir qismi miqdorida yilning har choragi uchinchi oyining 20-kunidan kechiktirmay;
(417-modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
aylanmadan soliq toʻlovchilar hisoblanmaydigan soliq toʻlovchilar tomonidan — yillik soliq summasining oʻn ikkidan bir qismi miqdorida har oyning 10-kunidan kechiktirmay. Bunda yanvar oyi uchun 20-yanvardan kechiktirmay toʻlanadi.
(417-modda oltinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)
Soliq davri mobaynida moʻljallanayotgan soliq bazasi oʻzgargan taqdirda soliq toʻlovchi soliq summasi toʻgʻrisida aniqlashtirilgan maʼlumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun boʻnak toʻlovlarga soliqning oʻzgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
Soliq davri uchun toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasi, boʻnak toʻlovlar hisobga olingan holda, soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay budjetga oʻtkaziladi.
Soliq davrida soliq boʻyicha boʻnak toʻlovlar summasi soliq hisobotida koʻrsatilgan budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan soliq summasiga nisbatan 10 foizdan ortiq kamaytirilgan taqdirda, soliq organi boʻnak toʻlovlarni soliqning haqiqiy summasidan kelib chiqib, penya hisoblagan holda qaytadan hisoblab chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshirmaydigan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan soliq har yili bir marta soliq hisoboti davridan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay toʻlanadi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.