436-modda. Soliq imtiyozlari

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Soliqdan quyidagilar ozod qilinadi:

1) “Oʻzbekiston Qahramoni”, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor boʻlgan, uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolar. Mazkur imtiyoz “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni va Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

2) urush nogironlari va qatnashchilari, shuningdek doirasi qonunchilik bilan belgilanadigan, ularga tenglashtirilgan shaxslar. Ushbu imtiyoz urush nogironining (qatnashchisining) tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari boʻyicha boʻlimning yoxud boshqa vakolatli organning maʼlumotnomasi asosida, nogironligi boʻlgan boshqa shaxslarga (qatnashchilarga) nogironligi boʻlgan shaxsning (qatnashchining) imtiyozlarga boʻlgan huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomasi asosida beriladi;

(436-modda birinchi qismining 2-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

3) I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

(436-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

4) yolgʻiz pensionerlar. Yolgʻiz yoki voyaga yetmagan bolalari bilan yoxud nogironligi boʻlgan bolasi bilan birga alohida uyda yashovchi pensionerlar yolgʻiz pensionerlar deb tushuniladi. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi, shuningdek fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

(436-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

5) boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalar. Ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan koʻp bolali oilalar soliq solish maqsadida boquvchisini yoʻqotgan koʻp bolali oilalardir. Ushbu imtiyoz Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tuman (shahar) boʻlimining maʼlumotnomasi asosida beriladi;

(436-modda birinchi qismining 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 5-oktabrdagi OʻRQ-640-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.10.2020-y., 03/20/640/1348-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

6) Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolar (shu jumladan vaqtincha yuborilgan yoki xizmat safariga yuborilgan) fuqarolar. Mazkur imtiyoz tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining maʼlumotnomasi, nogironligi boʻlgan shaxsning maxsus guvohnomasi, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, shuningdek vakolatli organlar tomonidan berilgan va imtiyozlar berish uchun asos boʻladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi;

(Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 436-modda birinchi qismi 7-bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son)

Uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlarida umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanuvchi shaxslar uchun soliq summasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari oʻrnatilgan oydan eʼtiboran uch yil davomida, quyosh panellari quvvatidan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi mavjud boʻlgan quyosh panellari oʻrnatilganda esa mazkur panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil davomida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan oshmaydigan summaga kamaytiriladi. Ushbu imtiyoz energiya taʼminoti tashkiloti tomonidan jismoniy shaxsning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishi toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnomaga asosan uy-joy fondining koʻchmas mulk obyektlari bilan band boʻlgan bitta yer uchastkasiga nisbatan faqat bir marotaba taqdim etiladi va jismoniy shaxs tomonidan umumiy quvvati 1 kVtdan ortiq boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya qurilmalari oʻrnatilgan taqdirda qoʻllaniladi.

(436-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan soliq imtiyozlari, bundan 5-bandda koʻrsatilgani mustasno, yakka tartibdagi uy-joy qurilishi, dehqon xoʻjaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organda roʻyxatdan oʻtkazgan jismoniy shaxslarga beriladi. Bunda mazkur soliq imtiyozlari soliq toʻlovchining tanlovi boʻyicha faqat bitta yer uchastkasiga berilishi mumkin, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan shaxslar mustasno.

(436-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Ushbu moddada koʻrsatilgan soliq imtiyozlariga ega boʻlgan shaxslar soliq imtiyozlarini olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarini yer uchastkasi joylashgan yerdagi soliq organlariga mustaqil ravishda taqdim etadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.