447-modda. Soliqni hisoblab chiqarish va soliq hisobotini taqdim etish tartibi

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Soliq summasi soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi.

Soliq organlari soliq bazasidan va belgilangan soliq stavkalaridan kelib chiqqan holda quyidagilar uchun soliq summasini aniqlaydi:

dehqon xoʻjaliklari uchun;

qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun;

tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun moʻljallangan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun;

1-oktabrga qadar qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun — qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish va baliqlarni yetishtirish (oʻstirish) uchun ular tomonidan avvalgi soliq davrida foydalanilgan suv hajmining 70 foizi miqdorida. Avvalgi soliq davrida qishloq xoʻjaligi korxonasi tomonidan foydalanilgan suvning hajmi toʻgʻrisidagi axborot mavjud boʻlmagan taqdirda, soliq summasi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan suv isteʼmoli normativlari boʻyicha aniqlanadi.

Soliq hisoboti suvdan foydalanish yoki suvni isteʼmol qilish joyi boʻyicha soliq organlariga quyidagilar tomonidan yilda bir marta taqdim etiladi:

Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslari tomonidan, bundan qishloq xoʻjaligi korxonalari mustasno — hisobot davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay;

qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan — joriy soliq davrining 15-dekabridan kechiktirmay;

Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatini doimiy muassasalar orqali amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan — soliq davridan keyingi yilning 20-yanvaridan kechiktirmay.

Qishloq xoʻjaligida, shu jumladan baliqchilik xoʻjaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari “Suv hisobi” axborot tizimining va suv resurslari hisobini yurituvchi vakolatli organlarning maʼlumotlari asosida soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi.

(447-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 26-iyundagi OʻRQ-1071-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.06.2025-y., 03/25/1071/0545-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 27-sentabr)

Soliq organlari soliq toʻlash toʻgʻrisidagi toʻlov xabarnomasini dehqon xoʻjaliklariga, shuningdek qishloq xoʻjaligi yerlariga hamda tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun moʻljallangan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslarga imzo qoʻydirib yoki, mavjud boʻlgan taqdirda, soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron tarzda, soliq toʻlovchining nomiga rasmiylashtirilgan uyali telefon raqamiga va soliq organlarining maxsus mobil ilovasiga SMS-xabarnoma tarzida, shuningdek toʻlov xabarnomasi olinganligi faktini va olingan sanani tasdiqlovchi boshqa usulda soliq davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay topshiradi.

(447-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.