460-modda. Yigʻimlarni toʻlash tartibi

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Chet davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi va uning hududi orqali tranziti uchun yigʻim chet davlatning avtotransport vositasi Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirayotganda yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududida undiriladi.

(460-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransporti vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻim qonunchilikda belgilangan tartibda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Transport vazirligi va hududiy transport boshqarmalari tomonidan undiriladi. Bunda toʻlangan yigʻim yuk avtotransporti vositalari va tirkamalariga avtomobil yoʻllari boʻylab bir yil davomida harakatlanish huquqini beradi.

(460-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 28-dekabrdagi OʻRQ-891-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 03/23/891/0989-son — 2024-yil 1-apreldan eʼtiboran amalga kiritiladi)

Ushbu Kodeks 455-moddasining 2, 3 va 4-bandlarida nazarda tutilgan yigʻimlar alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish boshlanganligi toʻgʻrisida tegishincha xabarnoma yuborilgan paytdan eʼtiboran toʻlanadi. Bunda xabarnoma joriy oyning yigirmanchi sanasiga qadar yuborilganda yigʻim mazkur oy uchun toʻliq hajmda, xabarnoma joriy oyning yigirmanchi sanasidan keyin yuborilganda esa keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab hisoblab chiqariladi.

(460-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-maydagi OʻRQ-1063-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)

Agar alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish bir nechta statsionar savdo va (yoki) umumiy ovqatlanish punktlari orqali amalga oshirilsa, alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsuloti bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻimlar belgilangan stavkalar doirasida statsionar savdo va (yoki) umumiy ovqatlanish punktlarining soniga, shuningdek ularning har biri joylashgan hudud oʻlchamlariga mutanosib ravishda hisoblab chiqariladi hamda undiriladi.

(460-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-maydagi OʻRQ-1063-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)

Alkogol mahsulotlari yoki pivo va pivo ichimliklari yoxud tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda yigʻimni hisoblab chiqarish keyingi oyning birinchi sanasidan boshlab toʻxtatib turiladi.

(460-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-maydagi OʻRQ-1063-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)

Alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yigʻim har oyda oldindan toʻlov tarzida, joriy oyning oʻninchi sanasiga qadar toʻlanadi.

(460-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-maydagi OʻRQ-1063-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)

Alkogol mahsulotlarini realizatsiya qilish, pivo va pivo ichimliklari bilan chakana savdo qilish yoki tamaki mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun undiriladigan yigʻimlar qonunchilikda belgilangan tartibda taqsimlanadi.

(460-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 16-maydagi OʻRQ-1063-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2025-y., 03/25/1063/0445-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.