476-modda. Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida amalga oshiriladigan faoliyatga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Chet ellik investor, bundan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno, mahsulot taqsimotiga oid bitimning amal qilish muddati mobaynida ushbu Kodeksning 17-moddasida nazarda tutilgan soliqlarni toʻlaydi.

(476-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan soliqlar, agar mahsulot taqsimotiga oid bitimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari uchun belgilangan stavkalar boʻyicha undiriladi.

Chet ellik investorga soliq solish quyidagi oʻziga xos xususiyatlar inobatga olingan holda amalga oshiriladi:

1) foyda soligʻi mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarish chogʻida olingan daromad boʻyicha va faoliyatning boshqa turlari boʻyicha olingan daromad boʻyicha alohida-alohida toʻlanadi. Bitim shartlariga binoan chet ellik investorga tegishli boʻlgan, chegirmalar qilinmagan holda foydaga qolgan mahsulotning qiymati mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajarish chogʻida olingan daromadlar boʻyicha foyda soligʻi solish obyektidir;

2) mineral xom ashyoni kavlab olish hajmiga yoki ishlab chiqarilgan mahsulot qiymatiga nisbatan foizli nisbatda mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlariga muvofiq belgilanadigan va pul shaklida yoki kavlab olingan mineral xom ashyoning bir qismi tarzida toʻlanadigan yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq.

Agar yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan yuridik shaxslar birlashmasi investor sifatida ish yuritayotgan boʻlsa, bunday birlashmaning ishtirokchilaridan biri yoki mahsulot taqsimotiga oid bitim boʻyicha ishlarni bajaruvchi operator soliq majburiyatlarini bajaruvchi boʻladi. Bunda yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqini beruvchi ruxsatnoma olgan investor bir oylik muddatda soliq organini mazkur birlashmadan soliq majburiyatini bajaruvchi boʻlib ish yuritadigan ishtirokchi toʻgʻrisida xabardor etishi shart.

(476-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.