481-modda. Alohida sharoitlarda qoʻshimcha vakolatlar berish

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilning alohida sharoitlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishga haqlidir:

1) ushbu Kodeksda va “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan ayrim soliqlar va yigʻimlar (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq mustasno) stavkalarini oʻzgartirish;

2) ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar, shu jumladan ular boʻyicha boʻnak va joriy toʻlovlar hamda yigʻimlarni toʻlash muddatlarini uzaytirish;

3) soliq, moliyaviy hisobotlarni va (yoki) soliqlarni hisoblab chiqarish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarni, shuningdek ularni taqdim etmaganlik (oʻz vaqtida taqdim etmaganlik) uchun javobgarlikni qoʻllamaslik asoslari va (yoki) shartlarini taqdim etish muddatlarini uzaytirish;

4) soliqlar, penyalar va jarimalarni toʻlash boʻyicha kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyatini berish, shuningdek ularni berish tartibi va shartlarini qayta koʻrib chiqish;

5) soliqlar, yigʻimlar, penyalar va jarimalarni toʻlash toʻgʻrisidagi talabnomalarni joʻnatish va ijro etish muddatlarini, shuningdek soliqlar, yigʻimlar, penyalar, jarimalarni undirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish muddatlarini uzaytirish;

6) soliqlar va yigʻimlar boʻyicha (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi va yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq mustasno) soliq imtiyozlarini berish;

7) soliqlar, penyalar va jarimalarni majburiy undirish choralarini toʻxtatib turish.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan normativ-huquqiy hujjatlarning amal qilishi davrida yuzaga keladigan huquqiy munosabatlar ushbu normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan xususiyatlarni hisobga olgan holda soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.