49-modda. Qimmatli qogʻozlar

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Qimmatli qogʻozlar mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydigan, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish imkoniyatini nazarda tutadigan hujjatlardir.

Qimmatli qogʻozlarga aksiyalar, obligatsiyalar, veksellar, depozit sertifikatlari, depozitar tilxatlar, opsionlar, fyuchers va forvard kontraktlari hamda islomiy qimmatli qogʻozlar (sertifikatlar) kiradi, shuningdek qonunchilikka yoki chet davlatning qoʻllanilishi mumkin boʻlgan qonunchiligiga muvofiq qimmatli qogʻozlar deb eʼtirof etiladigan boshqa qimmatli qogʻozlar kiradi.

(49-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)

Qimmatli qogʻozlarni emissiyaviy qimmatli qogʻozlar jumlasiga kiritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki chet davlatlarning qoʻllanilishi mumkin boʻlgan qonunchiligi bilan belgilanadi.

(49-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Agar qimmatli qogʻozlar bilan bajariladigan operatsiya muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga oid operatsiyalar mezonlariga muvofiq boʻlsa, soliq toʻlovchi uni mustaqil ravishda soliq solish maqsadida qimmatli qogʻozlar bilan bajariladigan operatsiyalar jumlasiga yoki muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga oid operatsiyalar jumlasiga kiritishga haqli.

Soliq solish maqsadida qimmatli qogʻozlar quyidagi shartlarga bir vaqtning oʻzida rioya etilgan taqdirda qimmatli qogʻozlarning uyushgan bozorida muomalada boʻlayotgan qimmatli qogʻozlar (muomaladagi qimmatli qogʻozlar) deb eʼtirof etiladi:

ular qimmatli qogʻozlar savdolarining hech boʻlmaganda bitta tashkilotchisi tomonidan muomalaga kiritilgan boʻlsa;

ularning narxlari (kotirovkalari) toʻgʻrisidagi axborot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsa yoxud savdolarning tashkilotchisi yoki boshqa vakolatli shaxs tomonidan har qanday manfaatdor shaxsga qimmatli qogʻozlarga doir operatsiyalar amalga oshirilgan sanadan eʼtiboran uch yil ichida berilishi mumkin boʻlsa;

soliq toʻlovchi bu qimmatli qogʻozlarga doir bitimni tuzgan sanadan eʼtiboran oʻtgan ketma-ket uch oy ichida ular boʻyicha hech boʻlmaganda bir marta bozor kotirovkasi hisoblab chiqarilgan boʻlsa (bundan qimmatli qogʻozlarni birlamchi joylashtirish chogʻidagi bozor kotirovkasining hisob-kitobi mustasno).

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.