54-modda. Moliyaviy ijara va lizing
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Ushbu Kodeks maqsadida shartnoma boʻyicha mol-mulkni (moliyaviy ijara obyektini) oʻn ikki oydan koʻp muddatga egalik qilish va foydalanishga berish chogʻida yuzaga keladigan ijara munosabatlari moliyaviy ijara deb eʼtirof etiladi. Moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan hech boʻlmaganda bittasiga javob berishi kerak:
1) moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijarachining mulkiga oʻtkazilsa;
2) moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat qilish muddatining 80 foizidan oshsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining kamida 20 foizini tashkil etsa;
3) moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijarachi moliyaviy ijara obyektini moliyaviy ijara shartnomasida belgilanadigan qatʼiy narx boʻyicha haqini toʻlab olish huquqiga ega boʻlsa;
31) islomiy moliya faoliyati doirasida banklar va mikromoliya tashkilotlari bilan islomiy moliya standartlariga muvofiq tuzilgan moliyaviy ijara (islomiy ijara) shartnomasining muddati tugagach, ijarachi moliyaviy ijara obyektini mulk huquqini oʻtkazish boʻyicha alohida shartnoma va unda belgilanadigan shartlar asosida qabul qilib olish huquqiga ega boʻlsa;
(54-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan 31-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
4) moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish davrida ijara toʻlovlarining joriy diskontlangan qiymati obyektning uni moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq aniqlanadi.
(54-modda birinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Ushbu Kodeks maqsadida moliyaviy ijaraning alohida turi lizing deb eʼtirof etilib, bunda bir taraf (lizing beruvchi) boshqa tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga koʻra uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasi boʻyicha shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) oladi hamda uni ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan shartnoma boʻyicha egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga haq evaziga beradi.
Ushbu Kodeks maqsadi uchun moliyaviy ijara (lizing) shartnomasining tarafi boʻlgan ijarachiga (lizing oluvchiga) moliyaviy ijara (lizing) predmetining xaridori sifatida qaraladi.
Soliq solish maqsadida islomiy moliya faoliyati doirasida banklar va mikromoliya tashkilotlari tomonidan islomiy moliya standartlariga muvofiq tuzilgan moliyaviy ijara (islomiy ijara) shartnomalariga ham moliyaviy ijara va lizing shartnomalari sifatida qaraladi hamda ularga nisbatan ushbu Kodeks qoidalari qoʻllaniladi.
(54-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.