61-modda. Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Soliq toʻlovchilarning xoʻjalik faoliyati boʻyicha jami moliyaviy natijasini hisobga olgan holda foyda soligʻini (bundan buyon matnda soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻi deb yuritiladi) hisoblab chiqarish va toʻlash maqsadida, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan tartib hamda shartlarda tegishli shartnoma asosidagi ixtiyoriy birlashmasi soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi deb eʼtirof etiladi.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisida tuzilgan amaldagi shartnomaning tarafi boʻlgan va ushbu Kodeksda bunday guruh ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan barcha shartlarni qanoatlantiradigan yuridik shaxs soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchisi deb eʼtirof etiladi.

Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnomaga muvofiq zimmasiga soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha foyda soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash majburiyati yuklatilgan ishtirokchi soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi deb eʼtirof etiladi.

Koʻrsatilgan soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashga oid huquqiy munosabatlarda, foyda soligʻini toʻlovchilar kabi, soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining masʼul ishtirokchisi shunday huquqlarni amalga oshiradi va majburiyatlarni zimmasiga oladi.

Ushbu Kodeksga va Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligiga muvofiq tuzilgan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhini tashkil etish toʻgʻrisidagi shartnoma soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhi masʼul ishtirokchisining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatdir.

(61-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.