90-modda. Soliqlarni oʻtkazishga doir toʻlov topshiriqnomalarining banklar tomonidan bajarilishi
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Banklar soliq toʻlovchining pul mablagʻlari hisobidan soliqni budjet tizimiga oʻtkazishga doir toʻlov topshiriqnomasini (bundan buyon ushbu moddada soliq toʻlovchining topshiriqnomasi deb yuritiladi), shuningdek soliq organining soliqni budjet tizimiga oʻtkazishga doir inkasso topshiriqnomasini (bundan buyon ushbu moddada soliq organining inkasso topshiriqnomasi deb yuritiladi) bajarishi shart.
Soliq toʻlovchining topshiriqnomalari va soliq organining inkasso topshiriqnomalari fuqarolik qonunchiligida belgilangan navbat boʻyicha bajarilishi lozim.
(90-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq toʻlovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bunday topshiriqnoma olingan kundan keyingi bir operatsiya kuni ichida bank tomonidan bajariladi.
Soliq toʻlovchining hisobvaragʻida pul mablagʻlari mavjud boʻlgan va toʻlov hujjatida rekvizitlari toʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda bank soliq toʻlovchining topshiriqnomasini yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarishni kechiktirishga haqli emas.
Soliq toʻlovchining hisobvaragʻida pul mablagʻlarining yoʻqligi (yetarli emasligi) sababli soliq organining inkasso topshiriqnomasini belgilangan muddatda bajarishning imkoni boʻlmaganda, bank belgilangan muddat tugaganidan keyingi kundan kechiktirmay inkasso topshiriqnomasini yuborgan soliq organiga uning topshiriqnomasi bajarilmaganligi (qisman bajarilganligi) toʻgʻrisida xabar qilishi shart.
Soliq toʻlovchining topshiriqnomasi yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasi bajarilmaganligi (qisman bajarilganligi) toʻgʻrisidagi bank xabarnomasining shakli va uni elektron shaklda uzatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
(90-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 11-martdagi OʻRQ-758-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2022-y., 03/22/758/0207-son)
Ushbu moddada nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun banklar ushbu Kodeksda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Javobgarlik choralarining qoʻllanilishi bankni soliq toʻlovchining topshiriqnomasini yoki soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarish majburiyatidan ozod etmaydi.
Banklar soliq toʻlovchilarning topshiriqnomalarini va soliq organlarining inkasso topshiriqnomalarini koʻrsatilgan operatsiyalar boʻyicha xizmat koʻrsatilganligi uchun haq undirmasdan bajaradi. Soliq toʻlovchilarga yoki soliq agentlariga ortiqcha toʻlangan (undirilgan) soliqlar, penyalar va jarimalar summalarini qaytarish boʻyicha banklar tomonidan topshiriqnomalar bajarilganda koʻrsatilgan operatsiyalar boʻyicha xizmat koʻrsatilganligi uchun ham haq undirilmaydi.
The text is based on the version published on lex.uz as of 6 August 2026. Amendments published on 11 September and 21 October 2026 are not yet included in this text; check the current version on lex.uz. This Latin-script copy is for reference only.