223-modda. Bojxona hamrohligida kuzatib borishning qo'llanilishi
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Bojxona hamrohligida kuzatib borish chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan qo'llaniladi, bundan quyidagi hollar mustasno:
tovarlarni tashish XYT daftarchasini qo'llagan holda yuklarni xalqaro tashish to'g'risidagi bojxona konvensiyasiga (Jeneva, 1975 yil 14 noyabr) muvofiq amalga oshirilgan taqdirda;
milliy avtotashuvchilar tomonidan import tovarlarni tashish tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish uchun jihozlangan transport vositalarida amalga oshirilgan taqdirda;
ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona to'lovlari to'lanishi ta'minlangan taqdirda;
tovarlar bojxona hududiga insonparvarlik yordami va texnik ko'mak sifatida, shuningdek xalqaro pochta jo'natmalari va feld'yeger pochtasi sifatida, tasdiqlovchi hujjatlar bo'lgan taqdirda olib kirilganda.
Bojxona hamrohligida kuzatib borish avtotransport vositasi jo'natuvchi bojxona organiga yetib kelgan paytdan e'tiboran olti soatdan kechiktirmay boshlanadi.
Bojxona hamrohligida kuzatib borish bitta yoki bir nechta avtotransport vositasiga nisbatan amalga oshirilishi mumkin, lekin ularning soni yigirmatadan oshmasligi kerak.
Bojxona hamrohligida kuzatib borish uchun bojxona yig'imi undiriladi.
Bojxona hamrohligida kuzatib borish tartibi O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadi.
Bojxona organlari chet el tovarlarini tashiyotgan transport vositalarining xavflarni baholash natijalarini hisobga olgan holda bojxona kuzatuvini amalga oshirishi mumkin.
Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.