248-modda. Bojxona rasmiylashtiruvining boshlanishi va tugallanishi

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organiga tovarlar va (yoki) transport vositalari xususida hujjatlar taqdim etilgan paytdan, ushbu Kodeksning 162-moddasida nazarda tutilgan hollarda esa, og'zaki ma'lum qilingan yoxud jismoniy shaxsning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish niyatidan dalolat beruvchi boshqa harakatlar bajarilgan paytdan e'tiboran boshlanadi.

Bojxona rasmiylashtiruvi bojxona organi va deklarant yoxud vakolatli shaxs o'rtasidagi tovarlarni bojxona rejimiga joylashtirish va (yoki) bojxona rejimining amal qilishini tugallash, bojxona to'lovlarini hisoblab chiqarish va to'lash yoxud ushbu Kodeksda nazarda tutilgan boshqa harakatlarni bajarish bilan bog'liq bo'lgan munosabatlar tartibga solinganidan keyin tugallanadi.

Bojxona chegarasi orqali olib o'tilayotgan tovarlarning va (yoki) transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi:

qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda veterinariya, fitosanitariya nazorati, ekologik nazorat va boshqa turdagi davlat nazorati amalga oshirilganidan keyin;

agar ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan bo'lsa, mazkur hujjatlarning mavjudligi tasdiqlanganidan keyin tugallanadi.

Tovarlarning va (yoki) transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi hamda taqdim etilgan hujjatlarni tekshirish bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan va barcha zarur hujjatlar hamda ma'lumotlar taqdim etilgan kundan e'tiboran bir ish kuni ichida bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi. Mazkur muddat xavflarni boshqarish tizimida belgilangan zarur tadbirlarni, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan tovarlar va (yoki) transport vositalari ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan vaqtni o'z ichiga olmaydi.

Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.