265-modda. Bojxona deklaratsiyasini o'zgartirish, unga qo'shimcha kiritish, uni qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va bekor qilish
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Bojxona deklaratsiyasida ko'rsatilgan ma'lumotlarga deklarant tomonidan o'zgartirishlar yoki qo'shimchalar kiritilishi, topshirilgan bojxona deklaratsiyasi esa qaytarib olinishi mumkin.
Bojxona deklaratsiyasini o'zgartirish, unga qo'shimcha kiritish va (yoki) uni qaytarib olish deklaratsiya qabul qilinguniga qadar amalga oshirilishi mumkin.
Bojxona deklaratsiyasi qabul qilinganidan so'ng o'zgartirish, qo'shimcha kiritish, qayta rasmiylashtirish, qaytarib olish va (yoki) bekor qilish deklarant bojxona organiga murojaat etganidan keyin yoki bojxona organining talabiga ko'ra amalga oshiriladi.
Bojxona deklaratsiyasini o'zgartirish yoki unga qo'shimcha kiritish uning amal qilish doirasini kengaytirishi yoki toraytirishi mumkin emas.
Bojxona organlarining mansabdor shaxslari o'z tashabbusi bilan, deklarantning yoki uchinchi shaxslarning topshirig'iga yoki iltimosiga ko'ra yozma bojxona deklaratsiyasini to'ldirishga, bojxona deklaratsiyasida ko'rsatilgan ma'lumotlarni o'zgartirishga yoki ularga qo'shimcha kiritishga haqli emas, bundan bojxona organlarining vakolatiga kiritilgan ma'lumotlarni bojxona deklaratsiyasiga kiritish, shuningdek, agar mashinada ishlov berish uchun foydalaniladigan kodli ma'lumotlar bojxona deklaratsiyasida kodsiz tarzda mavjud bo'lsa, kodli ma'lumotlarni o'zgartirish yoki ularga qo'shimcha kiritish mustasno.
Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.