307-modda. O'zaro bog'liq shaxslar
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
O'zaro bog'liq shaxslar deganda quyidagi belgilarning hech bo'lmaganda bittasiga mos keladigan shaxslar tushuniladi:
bitim taraflarining biri (jismoniy shaxs) yoki bitim taraflaridan birining mansabdor shaxsi ayni vaqtda bitim boshqa tarafining mansabdor shaxsi bo'lsa;
bitim taraflari yuridik jihatdan tan olingan biznes hamkorlar bo'lsa;
bitim taraflarining biri (jismoniy shaxs) boshqa taraf bilan mehnat munosabatlari bo'yicha bog'liq bo'lsa;
bitim taraflarining biri bitim boshqa ishtirokchisining ustav fondida (ustav kapitalida) ovoz berish huquqi bilan ustav fondining (ustav kapitalining) kamida besh foizini tashkil etuvchi hissaga (payga) egalik qilsa yoki aksiyalarining egasi bo'lsa;
bitimning har ikkala tarafi bevosita yoki bilvosita uchinchi shaxs tomonidan nazorat qilinayotgan bo'lsa;
bitimning taraflari bevosita yoki bilvosita uchinchi shaxsni nazorat qilayotgan bo'lsa;
bitimning bir tarafi va (yoki) uning mansabdor shaxsi bevosita yoki bilvosita bitimning ikkinchi tarafini nazorat qilayotgan bo'lsa;
bitim taraflari va (yoki) ularning mansabdor shaxslari qarindosh bo'lsa.
Shartnoma munosabatlarining taraflari bo'lgan, foyda olish maqsadida faoliyatni amalga oshiradigan hamda ushbu faoliyat davomida barcha xarajatlarni va zararlarni birgalikda o'z zimmasiga oladigan vakolatli shaxslar yuridik jihatdan tan olingan biznes hamkorlar deb hisoblanadi. Agar bunday shaxslardan biri boshqasining yagona agenti yoki yagona distribyutori yoxud yagona konsessioneri bo'lsa, ular ushbu moddaning maqsadlari uchun o'zaro bog'liq deb hisoblanadi.
Shaxs boshqa shaxsning xatti-harakatlarini amaliy yoki huquqiy jihatdan cheklasa yoxud nazorat qilsa, u boshqa shaxsni boshqaruvchi shaxs deb hisoblanadi.
Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.