357-modda. Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalarini qaytarish tartib-taomili
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalarini qaytarish bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona rasmiylashtiruvida avval hisoblangan bojxona to'lovlariga tuzatishlar kiritish yo'li bilan amalga oshiriladi.
Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalarini qaytarish mazkur summalarni quyidagi tartibda o'tkazish yo'li bilan amalga oshiriladi:
to'lovchining arizada ko'rsatilgan hisobvarag'iga;
ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollarda, bojxona organining shaxsiy g'azna hisobvarag'iga;
to'lov amalga oshirilgan valyutada;
dastlabki pul mablag'lari hisobiga;
bojxona organlari oldidagi boshqa majburiyat bo'yicha bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash uchun.
To'lovchida bojxona to'lovlarini, shuningdek penyani yoki foizlarni to'lash bo'yicha qarzdorlik bo'lgan taqdirda, bojxona organi qarzdorlikni to'lovchining roziligi bilan ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlari summasi hisobidan to'lanishini amalga oshiradi. Bunda ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summasi to'lovchiga ushbu qarzdorlik miqdoridagi bojxona to'lovlarini, penyani yoki foizlarni to'lash bo'yicha qarzdorlik chegirib tashlangan holda qaytariladi.
Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalari qaytarilayotganda ular uchun foizlar to'lanmaydi va qaytarilayotgan to'lov summasi indeksatsiyalanmaydi.
Ortiqcha to'langan yoki undirilgan bojxona to'lovlarining summalarini qaytarish bojxona to'lovlari turi bo'yicha bojxona organining shaxsiy g'azna hisobvarag'idan, tovarlari bojxona jihatidan rasmiylashtirilgan boshqa to'lovchilarning mablag'laridan va O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga o'tkazilishi lozim bo'lgan mablag'lardan amalga oshiriladi.
Официальный текст — на lex.uz кириллицей; эта копия на латинице дана для справки, действующую редакцию проверяйте на lex.uz.