9-modda. Oilaviy korxonaning ta’sis shartnomasi
Текст закона приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Oilaviy korxonaning ta’sis hujjati mazkur korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan tuziladigan ta’sis shartnomasidir.
Oilaviy korxonaning ta’sis shartnomasida quyidagilar ko‘rsatiladi:
oilaviy korxona boshlig‘ining va oilaviy korxona boshqa ishtirokchilarining familiyasi, ismi, otasining ismi hamda yashash joyi (manzili);
oilaviy korxona ustav fondining miqdori;
oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan uning ustav fondiga kiritiladigan mol-mulkni belgilash tartibi;
oilaviy korxonaning firma nomi va joylashgan yeri (pochta manzili) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
oilaviy korxona ishtirokchilari o‘rtasida tadbirkorlik faoliyatidan olingan foydani, shuningdek oilaviy korxona tugatilganda mol-mulkni taqsimlash tartibi;
oilaviy korxona ishtirokchilarining oilaviy korxona foydalanishiga berilayotgan mol-mulki ro‘yxati;
oilaviy korxonaning mol-mulkiga doir yirik bitimning miqdori;
oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi;
oilaviy korxona ishtirokchilari muhim deb hisoblaydigan boshqa shartlar.
Ta’sis shartnomasi oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan imzolanadi.
Oilaviy korxona boshlig‘i o‘zgargan, ishtirokchi oilaviy korxona tarkibiga ixtiyoriy ravishda kirgan (undan chiqib ketgan), er va xotin o‘rtasidagi nikoh bekor qilingan yoki oilaviy korxona ishtirokchisi vafot etgan va bu hollar oilaviy korxona balansiga berilgan oilaviy korxona ishtirokchilarining mol-mulki ro‘yxatida o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan taqdirda, ta’sis shartnomasiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi. Bunda oilaviy korxonani qayta davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinmaydi.
Официальный текст — на lex.uz; действующую редакцию проверяйте там. Эта копия на латинице дана для справки.