23-modda. Soliq agentlari
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Ushbu Kodeksga muvofiq zimmasiga soliqlarni hisoblab chiqarish, soliq toʻlovchidan ushlab qolish va budjet tizimiga oʻtkazish majburiyati yuklatilgan shaxslar soliq agentlari deb eʼtirof etiladi.
Soliq agentlari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchilar kabi huquqlarga ega boʻladi.
Soliq agentlari:
soliqlarni toʻgʻri va oʻz vaqtida hisoblab chiqarishi, ushlab qolishi hamda budjet tizimiga oʻtkazishi;
soliq organlariga soliqni ushlab qolish imkoniyati yoʻqligi va soliq toʻlovchining soliq qarzi summasi toʻgʻrisida bunday holatlar soliq agentiga maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran bir oy ichida yozma ravishda yoki elektron shaklda xabar qilishi;
hisoblangan va toʻlangan daromadlarning, hisoblab chiqarilgan, ushlab qolingan va budjet tizimiga oʻtkazilgan soliqlarning hisobini har bir soliq toʻlovchi boʻyicha alohida yuritishi;
soliqlarning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi, ushlab qolinishi va oʻtkazilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etishi;
soliq hisobotlarining hamda soliqlarni hisoblab chiqarish, ushlab qolish va oʻtkazish uchun zarur boʻlgan boshqa hujjatlarning ushbu Kodeksning 88-moddasida nazar tutilgan daʼvo muddati mobaynida but saqlanishini taʼminlashi shart.
Soliq agentlarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(23-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.