275-modda. Birgalikdagi faoliyat, ishonchli boshqaruv yoki konsessiya bitimi doirasida operatsiyalarni amalga oshirishda soliqni hisoblab chiqarish va toʻlashning oʻziga xos xususiyatlari

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Agar oddiy shirkat shartnomasining (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaning) ishtirokchilaridan hech boʻlmaganda bittasi Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxsi yoxud yakka tartibdagi tadbirkor boʻlsa, soliq solish maqsadida birgalikdagi faoliyat doirasida amalga oshiriladigan hamda ushbu Kodeksning 239-moddasiga muvofiq soliq solinishi lozim boʻlgan operatsiyalarning umumiy hisobini yuritish shunday ishtirokchi (bundan buyon ushbu moddada ishonchli shaxs deb yuritiladi) tomonidan amalga oshirilishi kerak.

Mazkur qoida oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga) muvofiq shirkat ishlarini yuritish kimning zimmasiga yuklatilganligidan qatʼi nazar, qoʻllaniladi.

Oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga) konsessiya bitimiga yoki mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq operatsiyalarni amalga oshirishda shirkatning ishonchli shaxsi, konsessioner yoki ishonchli boshqaruvchi zimmasiga soliq toʻlovchining ushbu boʻlimda belgilangan majburiyatlari yuklatiladi.

Oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga) konsessiya bitimiga yoki mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda shirkatning ishonchli shaxsi, konsessioner yoki ishonchli boshqaruvchi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli hisobvaraq-fakturalarni taqdim etishi shart.

(275-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq solinishi lozim boʻlgan tovarlarni (xizmatlarni) oddiy shirkat shartnomasi (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma) doirasida ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish uchun olinadigan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha soliqni hisobga olish imkoniyati faqat shirkatning ishonchli shaxsiga, basharti sotuvchilar tomonidan ushbu shaxsga soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan tartibda taqdim etilgan hisobvaraq-fakturalar mavjud boʻlsa, beriladi.

(275-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Shirkatning ishonchli shaxsi tomonidan boshqa faoliyat amalga oshirilgan taqdirda, oddiy shirkat shartnomasiga (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomaga) muvofiq operatsiyalarni amalga oshirish chogʻida foydalaniladigan va ushbu shaxs tomonidan oʻzining boshqa faoliyati amalga oshirilganda foydalaniladigan tovarlarning (xizmatlarning) alohida-alohida hisobi mavjud boʻlganda, soliq summalarini hisobga olishga boʻlgan huquq yuzaga keladi.

Soliqni hisobga olishga oid qism boʻyicha xuddi shunday qoidalar konsessiya bitimiga yoki mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasiga muvofiq amalga oshiriladigan operatsiyalarga nisbatan belgilanadi.

Shirkatning soliq hisobini yuritish uchun masʼul boʻlgan ishonchli shaxsi, konsessioner, ishonchli boshqaruvchi oddiy shirkat shartnomasini (birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnomani) konsessiya bitimini, mol-mulkni ishonchli boshqarish shartnomasini bajarish jarayonida amalga oshirilgan operatsiyalarning hisobini har bir koʻrsatib oʻtilgan shartnoma boʻyicha alohida-alohida yuritadi.

Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.