283-modda. Soliq toʻlovchilar

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Aksiz soligʻini toʻlovchilar (bundan buyon ushbu boʻlimda soliq toʻlovchilar deb yuritiladi) deb quyidagi shaxslar eʼtirof etiladi:

1) Oʻzbekiston Respublikasi hududida aksiz soligʻi solinadigan tovarlarni (aksiz toʻlanadigan tovarlarni) ishlab chiqaruvchilar;

2) tabiiy gazni isteʼmolchilarga realizatsiya qilishni amalga oshiruvchilar;

3) benzin, dizel yoqilgʻisini yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishni, shu jumladan avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali, shuningdek gazni gaz toʻldirish stansiyalari va gaz toʻldirish punktlari orqali realizatsiya qilishni amalga oshiruvchilar. Ushbu boʻlimni qoʻllash maqsadida yakuniy isteʼmolchilar deganda oʻz ehtiyojlari uchun benzin, dizel yoqilgʻisi hamda gaz oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi;

(283-modda birinchi qismining 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

4) oddiy shirkat ishtirokchisi boʻlgan, oddiy shirkat shartnomasi doirasida amalga oshiriladigan aksiz toʻlanadigan tovarni ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat boʻyicha oddiy shirkat ishlarini yuritish vazifasi zimmasiga yuklatilgan ishonchli shaxs;

5) Oʻzbekiston Respublikasining bojxona hududi orqali aksiz toʻlanadigan tovarlarni olib oʻtuvchilar. Bojxona toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq mazkur shaxslar soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.

(283-modda birinchi qismining 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Oʻzbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasa orqali amalga oshiradigan, aksiz soligʻi solinadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi yoki shunday tovarlarni olib kirishni amalga oshiruvchi chet el yuridik shaxslari ham soliq toʻlovchilar deb eʼtirof etiladi.

(283-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.