297-modda. Umumiy qoidalar

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Jami daromad yuridik shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasidagi va uning hududidan tashqaridagi manbalardan hisobot (soliq) davri mobaynida olingan daromadlardan iboratdir.

Jami daromad, agar ushbu Kodeksning 299-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, qoʻshilgan qiymat soligʻini va aksiz soligʻini inobatga olmagan holda aniqlanadi.

Ushbu boʻlim maqsadida jami daromadga (bundan buyon ushbu boʻlimda daromad deb yuritiladi) har qanday shaklda va (yoki) har qanday faoliyatdan olinishi lozim boʻlgan daromadlar (bundan buyon matnda olingan daromadlar deb yuritiladi), xususan, quyidagi daromadlar kiradi:

1) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromad;

2) kredit (qarz, mikrokredit va boshqa moliyaviy operatsiyalar) boʻyicha mukofot tarzidagi daromad;

3) sugʻurta, qayta sugʻurta tashkilotining sugʻurta, qayta sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha daromadi;

(297-modda uchinchi qismining 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 17-apreldagi OʻRQ-1057-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.04.2025-y., 03/25/1057/0351-son)

5) qimmatli qogʻozlar va (yoki) muddatli bitimlarning moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar boʻyicha ushbu Kodeksning 327 — 329-moddalariga muvofiq olingan daromad;

6) amortizatsiya qilinadigan aktivlarning va boshqa mol-mulkning ushbu Kodeksning 298-moddasiga muvofiq chiqib ketishidan olingan daromad;

(297-modda uchinchi qismining 6-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

7) moliyaviy ijara (lizing) shartnomasiga binoan mol-mulkni berish boʻyicha pul mukofoti tarzidagi daromad;

8) mol-mulkni mulk ijarasiga (ijaraga) berishdan olingan daromad, bundan moliyaviy ijara (lizing) mustasno;

9) royalti;

10) ushbu Kodeksning 299-moddasiga muvofiq tekin olingan mol-mulk (olingan xizmatlar);

11) inventarizatsiya natijasida aniqlangan ortiqcha tovar-moddiy zaxiralarning va boshqa mol-mulkning qiymati tarzidagi daromad;

12) qonunchilikda belgilangan tartibda majburiyatlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromad, bundan ushbu Kodeksning 317-moddasiga muvofiq ilgari chegirib tashlanmagan xarajatlarni hisobdan chiqarishdan olingan daromadlar mustasno;

(297-modda uchinchi qismining 12-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

13) ushbu Kodeksning 300-moddasiga muvofiq talab qilish huquqidan oʻzganing foydasiga voz kechish shartnomasi boʻyicha olingan daromad;

14) ushbu Kodeksning 301-moddasiga muvofiq ilgari chegirib tashlangan xarajatlar yoki zararlarning oʻrnini qoplash tarzidagi daromad;

15) ushbu Kodeksning 302-moddasiga muvofiq xizmat koʻrsatuvchi xoʻjaliklardan olinadigan daromad;

16) ushbu Kodeksning 319-moddasiga muvofiq birgalikdagi faoliyatda ishtirok etishdan olingan daromad;

17) qarzdor tomonidan eʼtirof etilgan yoxud qarzdor tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hujjati asosida shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun toʻlanishi lozim boʻlgan jarimalar, penyalar va boshqa sanksiyalar, shuningdek zararlarning (ziyonning) oʻrnini qoplash summalari;

18) ushbu Kodeksning 320-moddasiga muvofiq kursdagi ijobiy farq;

19) dividendlar va foizlar;

20) ishonchli boshqaruv muassisi tomonidan mol-mulkni ishonchli boshqarishdan olingan daromad;

21) shakllantirilish xarajatlari ushbu Kodeksning 44 va 45-boblarida belgilangan tartibda va shartlarda xarajatlar tarkibiga qabul qilingan, qayta tiklangan zaxiralar summalari;

22) aksiyador, ishtirokchi yuridik shaxs foydasiga oʻz ulushining (ulushi bir qismining) qiymatini olishdan voz kechgan taqdirda, mazkur yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) kamayishi munosabati bilan olgan daromad;

23) korxonani mol-mulk majmui sifatida sotishdan olingan daromad;

24) ushbu Kodeksning VI boʻlimida belgilangan hollarda va tartibda narxlarga tuzatishlar kiritish tufayli olingan daromad;

25) ushbu Kodeksning VII boʻlimida belgilangan hollarda va tartibda nazorat qilinadigan chet el kompaniyasining foyda tarzidagi daromadi;

251) ushbu Kodeks 248-moddasining toʻrtinchi qismida belgilangan hollarda va tartibda soliq bazasiga tovarlarning (xizmatlarning) bozor qiymatidan kelib chiqqan holda tuzatish kiritish natijasida olingan daromad;

(297-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan 251-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)

26) alohida hisobi mavjud boʻlmagan va (yoki) ulardan maqsadli foydalanilmagan maqsadli mablagʻlar tarzidagi daromad (bundan budjet toʻgʻrisidagi qonunchilik normalari qoʻllaniladigan budjet mablagʻlari mustasno);

(297-modda uchinchi qismining 26-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

27) ushbu qismning 1 — 26-bandlarida koʻrsatilmagan boshqa daromadlar.

Daromadlar soliq toʻlovchi tomonidan olingan daromadlarni tasdiqlovchi birlamchi hujjatlar va boshqa hujjatlar, shu jumladan elektron hujjatlar, shuningdek soliqni hisobga olishga doir hujjatlar asosida aniqlanadi.

Jami daromad ushbu boʻlim maqsadlarida pul, natura shaklida va (yoki) boshqa shakllarda kelib tushgan barcha tushumlardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Soliq toʻlovchi tomonidan olingan, qiymati chet el valyutasida ifodalangan daromadlar qiymati milliy valyutada ifodalangan daromadlar bilan birgalikda hisobga olinadi.

Yuridik shaxs qayta tashkil etilganda, mol-mulkning va pulda ifodalanadigan bahoga ega boʻlgan nomulkiy huquqlarning qiymati va (yoki) yuridik shaxslarni qayta tashkil etish chogʻida huquqiy vorislik tartibida olinadigan (oʻtkaziladigan), qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslar oʻzining qayta tashkil etilish sanasiga qadar olgan majburiyatlarining qiymati yangi tashkil etilgan, qayta tashkil etilayotgan va qayta tashkil etilgan yuridik shaxslarning daromadlari deb eʼtirof etilmaydi.

Agar daromadni buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq eʼtirof etish daromadni ushbu Kodeksga muvofiq aniqlash va eʼtirof etish tartibidan farq qilsa, mazkur daromad soliq solish maqsadlarida ushbu Kodeksda belgilangan tartibda hisobga olinadi, bundan ushbu moddaning toʻqqizinchi qismida koʻrsatilgan hol mustasno.

(297-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)

Kredit tashkilotlari tomonidan olingan daromadlarni eʼtirof etish sanasi Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari va (yoki) buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq hisobga olinadi.

(297-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 27-martdagi OʻRQ-1126-sonli Qonuniga asosan toʻqqizinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.03.2026-y., 03/26/1126/0279-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 29-iyun)

Agar ushbu boʻlimda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilikni qoʻllash chogʻida aktivlar va (yoki) majburiyatlarning qiymati oʻzgarganligi munosabati bilan buxgalteriya hisobida aks ettirilgan daromadlarga soliq solish maqsadidagi daromadlar sifatida qaralmaydi, bundan haqiqatda olingan daromadlar mustasno.

(297-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, daromadni eʼtirof etish sanasi buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiq aniqlanadi.

(297-moddaning oʻninchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Soliq toʻlovchining daromadlariga tuzatish kiritish ushbu Kodeksning 332-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.

Agar muayyan bir daromad daromadlarning bir nechta moddasida nazarda tutilgan boʻlsa, jami daromadni aniqlashda mazkur daromad faqat bir marta kiritiladi.

Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.