3-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni yoki ularning qismlarini ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topish
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning bir qismi, agar mazkur hujjatga nisbatan quyidagi shartlardan hech boʻlmaganda bittasi bajarilsa, ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq emas deb topiladi:
1) ushbu Kodeksga muvofiq bunday hujjatlarni qabul qilish huquqiga ega boʻlmagan organ tomonidan qabul qilingan boʻlsa yoxud normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishning belgilangan tartibi buzilgan holda qabul qilingan boʻlsa;
2) soliq munosabatlari subyektlarining ushbu Kodeksda nazarda tutilgan huquqlarini bekor qilsa yoki cheklasa;
3) soliq munosabatlari subyektlari harakatlarining ushbu Kodeksda belgilangan asoslarini, shartlarini, ketma-ketligini yoki tartibini oʻzgartirsa;
4) ushbu Kodeksda taqiqlangan harakatlarga ruxsat bersa yoki yoʻl qoʻysa;
5) ushbu Kodeksning normalariga yoki qoidalarining mazmuniga boshqacha tarzda zid boʻlsa.
Ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni qabul qilgan organ yoki uning yuqori turuvchi organlari bu hujjatni bekor qilishga yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishga haqli. Bu organlar ushbu Kodeksga muvofiq boʻlmagan normativ-huquqiy hujjatni bekor qilishni yoki unga zarur oʻzgartishlar kiritishni rad etgan taqdirda, u sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjat yoki uning qismi ular qabul qilingan sanadan eʼtiboran ushbu Kodeksga muvofiq emas deb topiladi.
Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.