333-modda. Zararlarni kelgusiga oʻtkazish
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Ushbu boʻlimda nazarda tutilgan daromadlar va xarajatlarga kiritilgan tuzatishlarni inobatga olgan holda chegirilishi lozim boʻlgan xarajatlarning jami daromaddan oshib ketishi soliq toʻlovchining zarari deb eʼtirof etiladi.
Muomaladagi qimmatli qogʻozlar va muddatli bitimlarning muomaladagi moliyaviy vositalariga doir operatsiyalar boʻyicha zararlar tadbirkorlik faoliyatidan koʻrilgan zararlar deb eʼtirof etiladi.
Oldingi soliq davrida (davrlarida) ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan zarari (zararlari) boʻlgan soliq toʻlovchi joriy soliq davrining foydasini ushbu koʻrilgan zararning butun summasiga yoki ushbu summaning bir qismiga kamaytirishga haqlidir.
(333-moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-741-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Soliq bazasi oldingi soliq davrida (davrlarida) koʻrilgan zarar summasiga faqat joriy soliq davrining yakunlari boʻyicha kamaytirilishi mumkin.
Bir kalendar yildan ortiq yillarda koʻrilgan zararlar ular koʻrilgan ketma-ketlikda oʻtkaziladi.
Bosh bankdan umidsiz qarzlarni oluvchi shuʼba tashkiloti tomonidan koʻrilgan zararlar kelgusi davrlarga oʻtkazilmaydi.
Zararlarni oʻtkazishning alohida hollardagi oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 334 — 336-moddalarida nazarda tutilgandir.
Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.