337-modda. Soliq stavkalari

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

T/r

Soliq toʻlovchilar

Soliq stavkalari, foizlarda

1

Banklar

20

2

Quyidagi soliq toʻlovchilar:

polietilen granulalar ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi;

faoliyatining asosiy turi mobil aloqa xizmatlarini koʻrsatishdan iborat boʻlgan

20

3

Oʻzi ishlab chiqargan oʻz qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan foyda boʻyicha ushbu Kodeksning 57-moddasida nazarda tutilgan mezonlarga javob beruvchi qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari va baliq xoʻjaligi korxonalari

0

4

Ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar

0

5

Qoʻshimcha manbalardan daromadlar oluvchi budjet tashkilotlari

0

7

Bozor va savdo komplekslarida xizmat koʻrsatishdan olingan foyda

20

9

Yagona ishtirokchilari nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari boʻlgan va umumiy xodimlar sonida nogironligi boʻlgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan va nogironligi boʻlgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash jamgʻarmasi mehnatga haq toʻlash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan soliq toʻlovchilar

0

10

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq banki tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablagʻlardan foydalanishdan olinadigan daromadlar

0

101

Umumiy quvvati 100 kVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda umumiy tarmoqqa elektr energiyasini realizatsiya qilishdan olingan foyda

0

102

Yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishdan olingan foyda

0

11

Dividendlar tarzidagi daromadlar

5

12

Qolgan soliq toʻlovchilar, bundan 1 — 11-bandlarda koʻrsatilganlar mustasno

15

(337-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Ushbu modda birinchi qismining 2-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar faoliyatning barcha turlari boʻyicha belgilangan soliq stavkasini qoʻllaydi.

Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar, agar oʻzi ishlab chiqargan qishloq xoʻjaligi mahsulotini realizatsiya qilishdan olingan daromadlari jami daromadning 90 foizdan koʻprogʻini tashkil etsa, faoliyatning barcha turlari boʻyicha 0 foiz miqdorida soliq stavkasini qoʻllashga haqlidir.

Ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi soliq toʻlovchi ushbu Kodeksning 59-moddasida belgilangan mezonlarga rioya etmagan taqdirda, mazkur shartlarga rioya etmaganlik roʻy bergan soliq davrining boshlanishidan eʼtiboran ushbu modda birinchi qismining 12-bandida belgilangan soliq stavkasini ilgari oʻtgan soliq davrlari uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etgan holda qoʻllaydi.

(Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan 337-modda beshinchi qismining chiqarilish sanasi 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son)

Qoʻshimcha manbalardan daromad oluvchi budjet tashkilotlari, basharti boʻshatilayotgan mablagʻlardan qonunchilikda belgilangan tartibda budjet tashkilotlarining moddiy-texnika va ijtimoiy bazasini mustahkamlash, oʻz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun maqsadli tarzda foydalansa, 2027-yilning 1-yanvariga qadar 0 foiz miqdoridagi soliq stavkasini qoʻllaydi.

(337-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1013-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1013/1066-son. 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)

Oʻzida ishlovchilarning umumiy oʻrtacha yillik sonining 3 foizidan koʻprogʻi nogironligi boʻlgan shaxslarni tashkil etadigan yuridik shaxslar uchun soliq stavkasi ushbu moddada belgilangan normadan ortiqcha ishga joylashtirilgan nogironligi boʻlgan shaxslarning har bir foiziga soliq stavkasining bir foizi hisobidan kamaytiriladi.

(337-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi OʻRQ-770-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son)

2022-yil 1-sentabrdan keyin jami daromadi joriy soliq davri mobaynida ilk marta oʻn milliard soʻmdan oshgan soliq toʻlovchilar (bundan ushbu moddaning oʻn uchinchi qismida nazarda tutilgan soliq toʻlovchilar mustasno) ushbu modda birinchi qismining 12-bandida belgilangan soliq stavkasini 50 foizga pasaytirishga — joriy soliq davri va keyingi soliq davri mobaynida, basharti pasaytirilgan soliq stavkasi qoʻllaniladigan soliq davrlarida jami daromadi yuz milliard soʻmdan oshmasa, haqli.

(337-moddaning yettinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Bunda ushbu modda oʻn uchinchi qismida koʻrsatilgan soliq toʻlovchilar soliq bazasini jami daromadning 25 foizi miqdorida soddalashtirilgan tartibda aniqlashga haqli.

(337-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Ushbu moddaning yettinchi va oʻn uchinchi qismlarida nazarda tutilgan soliq imtiyozi yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqni va aksiz soligʻini toʻlovchilarga nisbatan, shuningdek soliq toʻlovchi tugatilgan hollarda va (yoki) berilgan soliq imtiyozini qoʻllash uchun ikki va undan ortiq tadbirkorlik subyekti oʻrtasida soliq toʻlovchining tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarini ajratish (boʻlish) faktlari aniqlangan taqdirda, tatbiq etilmaydi.

(337-moddaning toʻqqizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Ushbu modda birinchi qismining 101-bandida nazarda tutilgan 0 foiz miqdoridagi soliq stavkasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran uch yil mobaynida, quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam boʻlmagan quvvatga ega elektr energiyasini toʻplash tizimi bilan quyosh panellari oʻrnatilganda esa — ushbu panellar foydalanishga topshirilgan oydan eʼtiboran oʻn yil mobaynida qoʻllaniladi.

Roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadigan yuqori texnologiyali ishlab chiqarishga asoslangan mahsulotlarni ishlab chiqarishni joriy etgan soliq toʻlovchilarga nisbatan ushbu modda birinchi qismining 102-bandida nazarda tutilgan 0 foiz miqdordagi soliq stavkasi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish obyekti foydalanishga qabul qilingan sanadan eʼtiboran uch yil muddatga, ularning yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni realizatsiya qilishdan olinadigan daromadlariga oid qismi boʻyicha qoʻllaniladi.

(337-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1104-sonli Qonuniga asosan oʻn ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1104/1213-son)

Foydali qazilmalarni qazib olish sohasida faoliyatni amalga oshirayotgan ayrim soliq toʻlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan oshirilgan soliq stavkalari belgilanishi mumkin.

(337-moddaning sakkizinchi — oʻn beshinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan sakkizinchi — oʻn ikkinchi qismlar bilan almashtirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

2026-yil 1-yanvardan boshlab ilk marotaba soliq toʻlashga oʻtgan aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar — soliq toʻlashga oʻtgan yildan keyingi bir soliq davri mobaynida soliq toʻlashdan (bundan dividend va foizli daromadlar mustasno) ozod qilinadi. Mazkur tartib qayta tashkil etilgan soliq toʻlovchilarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

(337-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-1108-sonli Qonuniga asosan oʻn uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2025-y., 03/25/1108/1217-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-yanvar)

Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.