464-modda. Soliq bazasi
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Ushbu Kodeksning 463-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan jami daromad soliq bazasi deb eʼtirof etiladi, bundan quyidagilar mustasno:
1) Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va boshqa davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlar;
2) soliq agentida soliq solinishi lozim boʻlgan dividendlar;
3) qaytariladigan koʻp marta aylanadigan tara qiymati, agar uning qiymati ilgari tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan olinadigan daromadga kiritilgan boʻlsa;
4) amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tugatishda ularni qoʻshimcha baholashda olingan, oldingi narxni tushirishlardagi summadan ortiqcha summa hisobidan olingan daromadlar;
5) hisobot yilida aniqlangan oʻtgan yillardagi daromadlar. Mazkur daromadlarga ular shakllangan davrdagi qonunchilikka muvofiq soliqlar boʻyicha qayta hisob-kitob oʻtkazilganligi inobatga olingan holda soliq solinadi.
(464-modda birinchi qismining 5-bandi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
(Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-1014-sonli Qonuniga asosan 464-modda birinchi qismi 6-bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.12.2024-y., 03/24/1014/1067-son)
Soliq solinadigan baza ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chegirmalardan tashqari quyidagilar uchun kamaytiriladi:
1) brokerlik tashkilotlari uchun — bitim summasidan birjaga oʻtkaziladigan vositachilik yigʻimi summasiga;
2) komissiya shartnomasi boʻyicha vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar uchun — tovarlarni import qilishda toʻlangan bojxona toʻlovlari summasiga realizatsiya qilingan tovar ulushida;
3) turizm faoliyati subyektlari uchun — turistik xizmatlarni onlayn bronlashtirish va sotish uchun yaratilgan dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga.
4) tadbirkorlik subyektlari uchun — tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar summasiga;
(464-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi OʻRQ-785-sonli Qonuniga asosan 4-band bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son)
Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.