87-modda. Soliq majburiyatining tugatilishi

Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.

Soliq majburiyati, agar ushbu moddaning ikkinchi — toʻrtinchi qismlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, quyidagi hollarda tugatiladi:

soliq toʻlovchi tomonidan soliq toʻlanganda yoki soliq agenti tomonidan oʻtkazib berilganda;

soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq soliq majburiyatini tugatish bilan bogʻliq boshqa holatlar yuzaga kelganda.

(87-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)

Jismoniy shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:

mazkur shaxs vafot etganda;

uni vafot etgan deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi sud qarori qonuniy kuchga kirganda.

Vafot etgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan jismoniy shaxsning soliq qarzi ushbu Kodeksning 94-moddasida belgilangan tartibda meros mol-mulkning qiymati doirasida merosxoʻrlardan undiriladi.

Yuridik shaxsning soliq majburiyati quyidagi hollarda tugatiladi:

ushbu Kodeksning 91-moddasiga muvofiq, budjet tizimi bilan barcha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin u tugatilganda;

ushbu Kodeksning 92-moddasiga muvofiq, budjet tizimi bilan barcha hisob-kitoblar amalga oshirilgandan keyin u qayta tashkil etilganda.

Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.