9-modda. Soliq solishning aniqligi va soliq organlarining soliq toʻlovchilar bilan hamkorligi prinsipi
Текст кодекса приводится на узбекском языке (латиница); перевода на этом сайте нет.
Soliqlarni va yigʻimlarni belgilovchi soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq toʻlovchilarni hamda ushbu soliqlarning va yigʻimlarning boshqa barcha elementlarini, shu jumladan ularni toʻlash muddatlari va tartibini aniqlab berishi kerak.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq toʻlovchilar bilan soliq toʻgʻrisidagi qonunchilikni toʻgʻri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart. Bunda soliq organlari soliq toʻlovchilarning qonuniy faoliyatiga asossiz toʻsiqlar yaratishga haqli emas, soliq toʻlovchilar esa soliq organlari oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoit yaratishi kerak.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Текст основан на редакции, размещённой на lex.uz, по состоянию на 6 августа 2026 года. Изменения, опубликованные 11 сентября и 21 октября 2026 года, в этот текст ещё не внесены; действующую редакцию проверяйте на lex.uz. Эта копия на латинице дана для справки.