272-modda. Tovarlarni bojxona yuk deklaratsiyasi topshirilguniga qadar chiqarib yuborish

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Ushbu Kodeksning 251-moddasida ko'rsatilgan tovarlar bojxona chegarasi orqali olib o'tilayotganda tovarlarni chiqarib yuborish bojxona yuk deklaratsiyasi topshirilguniga qadar yoki bojxona rasmiylashtiruvi bo'yicha operatsiyalar yakunlanguniga qadar deklarant yoki bojxona brokeri tomonidan quyidagi shartlarga rioya etilgan taqdirda amalga oshirilishi mumkin:

tovarlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi zarur ma'lumotlarni o'z ichiga olgan tovarning kuzatuv hujjatlari taqdim etilganda;

O'zbekiston Respublikasining qonunchiligi yoki xalqaro shartnomalariga muvofiq radioaktiv materiallarni chiqarib yuborish uchun zarur bo'lgan litsenziyalar, sertifikatlar, tegishli davlat organlarining ruxsatnomalari taqdim etilganda;

ushbu Kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona to'lovlarini to'lash ta'minlanganda;

tovarlar chiqarib yuborilgan kundan e'tiboran o'n besh kalendar kundan kechiktirmay bojxona yuk deklaratsiyasini berish haqida yoki bojxona rasmiylashtiruvini tugatish to'g'risida yozma majburiyat taqdim etilganda.

Bojxona yuk deklaratsiyasi berilguniga qadar chiqarib yuborilgan tez buziladigan tovarlardan hamda tirik hayvonlardan foydalanish va ularni uchinchi shaxslarga berish, shu jumladan sotish yoki boshqacha tarzda o'zga shaxsga o'tkazish orqali berish taqiqlanadi.

The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.