342-modda. Bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash sifatida tovarlar garovini qo'llash

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash sifatida garov to'g'risidagi shartnoma asosida tovarlar garovi qo'llanilishi mumkin.

Har qanday tovar garov narsasi bo'lishi mumkin, bundan quyidagilar mustasno:

elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari;

korxonalar, binolar, qurilmalar, inshootlar, yer uchastkalari, fazoviy ob'yektlar;

boshqa majburiyatlarni ta'minlash uchun garovga qo'yib bo'lingan tovarlar;

intellektual mulk ob'yektlari;

bojxona hududiga olib kirilishi taqiqlangan tovarlar;

tez buziladigan tovarlar;

jonivorlar;

O'zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida bo'lgan tovarlar;

realizatsiya qilish imkoniyati cheklangan tovarlar;

joylashgan yeri va foydalanilishi ustidan bojxona organi doimiy nazoratni ta'minlay olmaydigan tovarlar;

qonunchilikka muvofiq erkin realizatsiya qilinishi taqiqlangan ishlab chiqarish mahsulotlari va chiqindilari.

Bojxona chegarasi orqali olib o'tiladigan va sertifikatlanishi yoki davlatning boshqa organlari nazoratida bo'lishi lozim bo'lgan tovarlar sertifikatlar, ruxsatnomalar va tovarlar chiqarib yuborilayotganda zarur bo'lgan boshqa hujjatlar bo'lgan taqdirdagina garov narsasi bo'lishi mumkin.

Garov narsasining bozor qiymatini aniqlash uchun uning baholanishi garovga qo'yuvchi hisobidan baholash faoliyati to'g'risidagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshiriladi.

Garov narsasining bozor qiymati to'lanishi garov narsasi bilan ta'minlanadigan bojxona to'lovlariga doir majburiyatlar, shu jumladan tovarlarning ularni saqlash va realizatsiya qilish bo'yicha zarur xarajatlarning o'rnini qoplash uchun bozor qiymatidan o'n besh foizi qo'shib hisoblangandagi majburiyatlar miqdoridan kam bo'lmasligi kerak.

Ushbu Kodeksning 93 va 236-moddalarida nazarda tutilgan hollarda, shuningdek bojxona ombori, boj olinmaydigan savdo do'koni va erkin ombor faoliyatini litsenziyalashda bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlash sifatida tovarlarni garovga qo'yish qo'llanilmaydi.

The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.