360-modda. Tovarni yetarli darajada qayta ishlash mezonlari

The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.

Agar tovarni ishlab chiqarishda ikki yoki undan ortiq mamlakat ishtirok etayotgan bo'lsa, tovarning ishlab chiqarilgan joyi yetarli darajada qayta ishlash mezonlariga muvofiq aniqlanadi.

Tovar ishlab chiqarilgan mamlakatni aniqlash uchun tovarni yetarli darajada qayta ishlashning quyidagi mezonlaridan biri qo'llaniladi:

tovarni muayyan mamlakatda qayta ishlash yoki tayyorlash bo'yicha operatsiyalarni amalga oshirish natijasida uning O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasidagi o'rni dastlabki to'rtta belgisining istalgan biri darajasida o'zgarishi;

advalor ulush qoidasi — foydalanilgan materiallarning va (yoki) qo'shilgan qiymatning foizli ulushi yakuniy mahsulotning narxida qayd etilgan belgilangan ulushiga yetganda tovar qiymatining o'zgarishi.

Quyidagilar tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlariga javob bermaydi:

saqlash yoki tashish vaqtida tovarlarning but saqlanishini ta'minlash bo'yicha operatsiyalar;

tovarlarni sotishga va tashishga tayyorlash operatsiyalari (tovar turkumini maydalash, tovarlarni jo'natishni tashkil etish, saralash, qaytadan o'rash va boshqalar);

oddiy yig'uv operatsiyalari;

tovarlarni (tarkibiy qismlarni) aralashtirib hosil qilingan mahsulotga unga dastlabki tarkibidan jiddiy farqlantiradigan xususiyatlarni bermaslik;

ushbu qismning ikkinchi — beshinchi xatboshilarida ko'rsatilgan operatsiyalarning ikkitasini yoki undan ortig'ini bir vaqtda amalga oshirish;

chorva mollarini so'yish.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida ko'rsatilgan tovarning yetarli darajada qayta ishlanganligi mezonlarining qo'llanilish xususiyatlari qonunchilikda belgilanadi.

The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.