387-modda. Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestrini yuritish
The text of the Code is shown in Uzbek (Latin script); no translation is provided on this site.
Intellektual mulk ob'yektlariga bo'lgan huquqlarni himoya qilish bo'yicha choralar qo'llanilishi to'g'risida qaror qabul qilingan intellektual mulk ob'yektlari O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestriga kiritiladi.
O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestrini yuritadi va keyinchalik uni doimiy ravishda yangilab borgan holda o'z rasmiy veb-saytida vaqti-vaqti bilan e'lon qiladi.
Intellektual mulk ob'yektlari quyidagi hollarda Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestridan chiqarilishi kerak:
huquq egasining yoki uning vakolatli vakilining reyestrdan chiqarilish to'g'risidagi murojaatiga ko'ra;
ushbu Kodeksning 385-moddasida ko'rsatilgan hujjatlardagi noto'g'ri ma'lumotlar bojxona organi tomonidan aniqlanganda;
intellektual mulk ob'yektining huquqiy muhofazasi belgilangan tartibda tugatilganda;
intellektual mulk ob'yekti Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestriga kiritilgan kundan e'tiboran uch yil o'tgach;
O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Apellyatsiya kengashining qarori asosida.
O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi huquq egasini yoki uning vakolatli vakilini intellektual mulk ob'yektlari Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestridan chiqarilganligi to'g'risida uch ish kuni ichida yozma shaklda xabardor qiladi.
Intellektual mulk ob'yektlarining bojxona reyestrini yuritish tartibi va shakli O'zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo'mitasi tomonidan belgilanadi.
The official text is the Cyrillic version on lex.uz; this Latin-script copy is for reference only — check the current version on lex.uz.